Gaagada Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini tekshirish xalqaro markazi ochildi
Olam
−
04 iyul 2023
2739Niderlandiyaning Gaaga shahrida bosqinchilik jinoyati bo‘yicha xalqaro ta’qiblar markazi ish boshladi. Uning tarkibiga Ukraina, Yevropa Ittifoqi, AQSH va Xalqaro jinoiy sud vakillari kirdi. Markaz Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va boshqa xalqaro huquq idoralari doirasidan tashqariga chiqqan jinoyatlarni tekshiradi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining Eurojust adliya agentligi ma’lum qildi.
“A’zo davlatlar dalillarni to‘plash, guvohlar va ehtimoliy gumondorlarni aniqlash, shuningdek, hibsga olish orderlarini, shu jumladan, Xalqaro jinoiy sud tomonidan chiqarilgan orderlarni bajarishda muhim rol o‘ynaydi. Bu jirkanch jinoyatlarni sodir etganlar adolatdan qochib qutula olmaydi”, deydi Adliya bo‘yicha Yevropa komissari Dide Reynders.
Aytilishicha, markazning ishi Ukrainaga qarshi urush boshlagani uchun Rossiya rahbariyatini javobgarlikka tortadigan maxsus tribunal yaratish yo‘lidagi qadamdir.
“Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi, uning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatishning davom etishi Ukrainaning mavjudligiga tahdid soladi. Bu nafaqat mening mamlakatimga qarshi qaratilgan, balki butun dunyodagi tinchlik, xavfsizlik va barqarorlik uchun global tahdiddir”, deydi Ukraina Bosh prokurori Andrey Kostin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan, chunki ular bolalarning noqonuniy deportatsiyasi bilan bog‘liq harbiy jinoyatlar uchun javobgar deb topilgandi. Kreml XJS qarorini qonun nuqtai nazaridan ahamiyatsiz deb atagan va Rossiyada XJS prokurori va sudyalariga nisbatan ish ochilgandi. Shuningdek, Vengriya, Qozog‘iston va Арманистонда ham Putin hibsga olinmasligi ma’lum qilingandi.
LiveBarchasi