G7 vazirlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llash masalasini qo‘llab-quvvatladi 

Olam

image

Kecha, 7 noyabr kuni G7 mamlakatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari Tokiodagi muzokaralar chog‘ida “Katta yettilik” a’zolari Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llash va Ukrainaga yordam ko‘rsatish masalasida birdamligini tasdiqladi. Bu haqda Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda aytiladi.

"Uchrashuv ishtirokchilari G7, hatto bugungi xalqaro vaziyatda ham, Rossiyaga qarshi qattiq sanksiyalar kiritish va Ukrainani kuchli qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan munosabatda birdam bo‘lib qolishini tasdiqladilar", deyiladi bayonotda.

Bundan tashqari, G7 TIV rahbarlari Shimoliy Koreyani Rossiyaga qurol-yarog‘ o‘tkazayotganlikda ayblagan.

“Uchrashuv ishtirokchilari KXDR tomonidan ballistik raketalarni qayta-qayta uchirish, shuningdek, BMT Xavfsizlik kengashining tegishli rezolyutsiyalarini bevosita buzuvchi KXDRdan Rossiyaga qurol yetkazib berishni keskin qoraladi”, deyiladi xabarda.

Vazirlar muzokaralar chog‘ida G7 va Xitoy o‘rtasida hamkorlik zarurligini tasdiqlagan. 

“TIV rahbarlari Xitoy bilan samimiy hamkorlik qilish va unga bevosita o‘z tashvishlarini bildirish muhimligini tan olishlarini tasdiqladilar, XXR bilan global muammolar sohasida, shuningdek, o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlik qilish zarurligini e’tirof etdilar”, deyiladi bayonotda.

Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Yoko Kamikava va uning germaniyalik mavqedoshi Annalena Berbok Tokiodagi ikki tomonlama muzokaralar yakunlari bo‘yicha, Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashayotganiga qaramay, Ukrainaga qo‘shimcha yordam ko‘rsatish zarurligini aytgan.

Shuningdek, Annalena Berbok Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish “Ukraina va Yevropa uchun dahshatli oqibatlarga olib kelishini” ta’kidlagan. Bundan tashqari, u G‘azo sektoridagi aholiga gumanitar yordamni tez yetkazib berish uchun Falastin-Isroil mojaro hududida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan. 

Germaniya Tashqi ishlar vaziri G‘azo aholisi oziq-ovqat, ichimlik suvi va tibbiy yordamga juda muhtojligiga e’tibor qaratgan. Shu bilan birga, u Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam va ishlar agentligi (UNRWA) uchun ko‘proq mablag‘ ajratishni rejalashtirayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, G7 mamlakatlari UNRWA moliyalashtirishning uchdan ikki qismini ta’minlagan. 

“Biz boshqa moliyaviy jihatdan kuchli donorlarni UNRWA’da faolroq ishtirok etishga undaymiz”, deya xulosa qildi vazir.

DPA agentligi Germaniyaning Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish vaziri Svenya Shulsega tayanib, Germaniya UNRWA ehtiyojlari uchun avvaldan ajratilgan 70 million yevroni blokdan chiqarishi, shuningdek, qo‘shimcha 20 million yevro ajratishi haqida xabar bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Xitoy Tokio G7

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made