G7 Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirmoqchi

Olam

image

“Katta yettilik” davlatlarining Moliya vazirlari Rossiyaga bosimni kuchaytirishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda kecha, 22 may kuni Kanadaning Kalgari yaqinidagi Banf kurortida o‘tgan uch kunlik sammit yakuni bo‘yicha e’lon qilingan qo‘shma bayonotda so‘z boradi.

Bayonotda ular Rossiyaning Ukrainaga nisbatan harbiy harakatlarini qoralab, “mojaro davomida Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi har qanday tashkilot” Ukraina tiklanishida ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘lishini ma’lum qilgan. Shuningdek, agar Moskva o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, G7 sanksiyalarni yanada kuchaytirishga va’da berdi.

Bundan tashqari, “Katta yettilik” davlatlari global iqtisodiy siyosatdagi eng yuqori noaniqlik bosqichi ortda qolganiga ishonch bildirgan. Vazirlar bozorlarni barqarorlashtirish va umumiy siyosiy maqsadlarga erishish yo‘lida hamkorlikda ishlashga tayyor ekanini ham ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, “Katta yettilik” (G7) – bu eng yetakchi davlatlar xalqaro forumi bo‘lib, unda Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Rossiya, AQSH, Fransiya va Yaponiya ishtirok etadi.

Mazkur formatda davlat rahbarlari va vazirlik rahbarlari har yili yig‘ilib, global iqtisodiy va siyosiy muammolarni muhokama qiladi, ularning yechimi bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

Asosiy mavzular – xalqaro xavfsizlik, energetika, iqlim o‘zgarishi va qashshoqlikka qarshi kurash. Sammitlarda qabul qilingan qarorlar majburiy emas, balki tavsiya xarakteriga ega.

2014 yilda Qrimning bosib olinishi ortidan Rossiya “Katta sakkizlik”dan chetlatilgan. Shundan so‘ng tashkilot faqat “Katta yettilik” (G7) shaklida faoliyatini davom ettirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasi neft embargosini chetlab o‘tish uchun foydalanadigan Rossiya “soya” flotining 200 ta kemasiga mo‘ljallangan 17-sanksiya paketini ma’qullagandi. Mazkur sanksiyalar paketi doirasida O‘zbekistonning temiryo‘l, avtomobil, dengiz va havo transportida yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Trade Engine System kompaniyasi ham yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.  


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya sanktsiya Katta ettilik G7

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing