G7 Xitoyni Rossiyani oqlamaslikka chaqirdi
Olam
−
16 may 2022
8081“Katta yettilik” davlatlari (Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, AQSH, Fransiya va Yaponiya) Xitoyni Rossiyaga yordam bermaslikka va Moskvaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tib, uning harakatlarini oqlamaslikka chaqirmoqda. Bu haqda Germaniya shimolidagi Vangels kommunasida (Shlezvig-Golshteyn federal shtati) uch kunlik yig‘ilish yakunlari bo‘yicha G7 mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari tomonidan qabul qilingan qo‘shma bayonotda keltirilgan.
“Biz Xitoyni Rossiyaga Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushida yordam bermaslikka chaqiramiz. Pekin Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarni buzishdan tiyilishi va Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiv urushini oqlash uchun axborot manipulyatsiyasi, dezinformatsiya va boshqa vositalardan foydalanishdan saqlanishi kerak”, deyiladi hujjatda.
Shu bilan birga, G7 Tashqi ishlar vazirlari Xitoyni qoidalarga asoslangan xalqaro tartib bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga, xalqaro xavfsizlikka hissa qo‘shishga va global sog‘liqni saqlash xavfsizligini mustahkamlashda, global jamoat tovarlari bilan ta’minlashda, jumladan iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillik va gender tengligi masalalarida hamkorlik qilishga chaqirdi.
“Biz Xitoyga BMT Nizomining “nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish” tamoyiliga rioya qilishini hamda tahdid, majburlash, qo‘rqitish yoki kuch ishlatishdan tiyilishini eslatamiz. Biz Xitoyni xalqaro huquqqa muvofiq, Ukraina suvereniteti va mustaqilligi hamda xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz”, deyiladi matnda.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi