G7 davlatlari Rossiyaga qarshi cheklovlarni kengaytirishga va’dalashdi
Olam
−
14 may 2022
4223“Katta yettilik” (Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, AQSH, Fransiya va Yaponiya) davlatlari Rossiya, uning vakillari va institutlariga nisbatan keyingi cheklov choralarini ko‘rishga hamda Rossiya Federatsiyasini siyosiy va iqtisodiy jihatdan yakkalab qo‘yish sa’y-harakatlarini davom ettirishga tayyor. Bu haqda Germaniya shimolidagi Vangels kommunasida (Shlezvig-Golshteyn federal shtati) uch kunlik yig‘ilish yakunlari bo‘yicha G7 mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari tomonidan qabul qilingan qo‘shma bayonotda keltirilgan.
“Biz Rossiyaga iqtisodiy va siyosiy bosimni yanada kuchaytirish bo‘yicha qat’iyatimizni yana bir bor tasdiqlaymiz”, deyiladi hujjatda.
“Katta yettilik” qaramlikni kamaytirish va Rossiya energiya manbalaridan voz kechish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish niyatida.
“Biz Rossiyaning energiya ta’minotiga qaramlikni kamaytirish va tugatish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni faollashtiramiz va imkon qadar tezroq G7 ning Rossiya ko‘mir va neft importini bosqichma-bosqich to‘xtatish yoki taqiqlash majburiyatiga asoslanamiz”, deyiladi hujjatda.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi