Fuqaroni shaxsini aniqlash uchun IIBga olib borish amaliyotidan voz kechiladi

Jamiyat

image

2023 yildan boshlab bosqichma-bosqich fuqarolarni shaxsini aniqlash uchun IIBga olib borish amaliyotidan voz kechiladi. Bu haqda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining kecha, 22 iyuldagi qabul qilingan Ichki ishlar organlari patrul-post xizmati saf bo‘linmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida fuqarolarni elektron identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qarorida belgilandi.

Qarorga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan “Ye-patrul” tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi va fuqaroni shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi.

Barcha ma’lumotlar elektron tekshiriladi va patrul-post xodimi faoliyati “bodikamera”ga tasvirga olinadi.

Nizomga ko‘ra, xodimlar quyidagi hollarda fuqaroni to‘xtatishi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar yoki “Ye-patrul” tizimi orqali ularning shaxsini aniqlashi mumkin:

•    shaxs jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etgan yoxud qidiruvda deb gumon qilishga asos bo‘lsa;
•    shaxsni sodir etilgan jinoyat yoki huquqbuzarlik haqida ma’lumotga ega deb hisoblash mumkin bo‘lsa;
•    shaxsni ushlab turishga boshqa qonuniy asoslar bo‘lsa.

Xodim shaxsni to‘xtatganda uni to‘xtatganlik sabablari va asoslarini tushuntirishi shart.

Yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan fuqaro quyidagi hollarda ichki ishlar organiga olib boriladi:

•    uning shaxsini planshet orqali aniqlash imkoni bo‘lmaganda;
•    qidiruvda bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan shaxslar aniqlanganda;
•    shaxsiga aniqlik kiritish jarayonida qarshilik ko‘rsatganda;
•    jamoat joyida huquqbuzarlik sodir etish vaqtida ushlanganda.


Maqola muallifi

Teglar

IIB

Baholaganlar

133

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing