Buxoroda o‘zgalar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yuborgan yigitga jinoyat ishi ochildi
3-sahifa
−
10 noyabr
6515Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida o‘zgalar nomiga kredit olib, pulni onlayn qimorga tikib yuborgan 16 yoshli bolaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda “Bu kun” xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 24 may kuni Shofirkon tumanida yashovchi fuqaro IIBga murojaat qilib, bankdan uning nomiga 54 million so‘m kredit olingani, biroq bu kreditni o‘zi olmaganini bildirib, hozirda mazkur kredit to‘lovlari uning plastik kartasidan yechib olinayotganini aytgan. Holatga aniqlik kiritib, aybdor shaxslarga chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan noma’lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Buxoro viloyati IIB Kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor texnik va surishtiruv harakatlari olib borilgan.
Aniqlanishicha, ushbu firibgarlikni 2008 yilda Shofirkon tumanida tug‘ilgan yigit sodir qilgani ma’lum bo‘lgan. O‘spirin tumandagi Paynet shoxobchasida norasmiy tarzda ishlab, fuqarolarga SIM-karta berish jarayonida ularning fotosuratlarini identifikatsiyadan o‘tkazish uchun olib, ularga bildirmasdan, yashirin tarzda fuqarolarning telefon raqami va fotosuratlaridan foydalanib, ular nomiga onlayn kredit rasmiylashtirgan. Shunday yo‘l bilan o‘ndan ortiq fuqaroga ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yigit har bir odam nomiga 15-20 million so‘mdan jami 100 million so‘m miqdorida kredit rasmiylashtirgan.
Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda gumon qilinuvchidan boshqa jabrlangan shaxslar ham bo‘lishi mumkin degan ehtimol bilan ularni aniqlash hamda ularga yetkazilgan zararni qoplab berish maqsadida tezkor surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida onlayn qimorni o‘z Instagram sahifasida reklama qilgan bloger qo‘lga olingandi. U turli reklama roliklarni o‘z sahifasiga joylashtirib, onlayn qimor reklamasini yo‘lga qo‘ygan. Tezkor tadbir natijasida mazkur akkaunt foydalanuvchisi – 2002 yilda tug‘ilgan Quva tumanida yashovchi shaxs gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingan.
LiveBarchasi