Fuqarolarni noqonuniy yo‘l bilan AQSHga jo‘natmoqchi bo‘lganlar qo‘lga tushdi (video)
3-sahifa
−
05 aprel
4557Fuqarolarni Meksika davlati orqali noqonuniy yo‘llar bilan AQSHga jo‘natishni va’da qilib, ulardan pul olgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Andijon viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Marhamat tumanida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan shaxs Asaka tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Meksika davlati orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborish evaziga 19 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 15 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, 15 ming AQSH dollaridan 6 ming AQSH dollarini olgan vaqtida mazkur noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan, Marhamat tumanida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro ham qo‘lga olingan.
Navoiy viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan shaxs Nurota tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Meksika orqali Qo‘shma Shtatlarga yuborish evaziga 14 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Jizzax shahrida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan shaxs 15 ming AQSH dollari evaziga Sardoba tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishni va’da qilib, oldindan 12 ming AQSH dollari va 6 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Toshkent shahrining Bektemir tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyatining Angren shahrida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan ayol Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga viza va boshqa tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, uni “Turkiya-Nikaragua-Meksika” yo‘nalishi orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborish evaziga 16 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 9 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda AQSHga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 74 nafar o‘zbekistonlik ortga qaytarilgan edi. AQSHning Toshkentdagi elchixonasi esa O‘zbekiston fuqarolarini Qo‘shma Shtatlarga xavfsiz va qonuniy yo‘llar orqali safar qilishga chaqirdi.
LiveBarchasi