Fuqarolar soliq huquqbuzarligidan ogohlantirib, necha mlrd ishlab olgani ochiqlandi
Jamiyat
−
29 aprel 2022
7346O‘zbekistonda yil boshidan beri soliq huquqbuzarligi haqida tegishli idoralarga yuborilgan 10 205 ta murojaat bo‘yicha 5,7 mlrd so‘m mukofot puli to‘langan. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, bugungi kunga qadar, “Soliq hamkor” orqali 46 325 ta murojaat yo‘llangan. Shundan 42 796 tasi (92 foiz) chek bermaslik holati bo‘yicha yo‘llangan. Bank plastik kartasi orqali to‘lovni qabul qilishni rad etish bo‘yicha 1 620 ta, plastik kartaga mahsulot narxini qimmatroq sotish bo‘yicha 174 ta murojaat kelib tushgan. Yana 1 735 tasi boshqa turdagi soliq huquqbuzarliklar yuzasidan yuborilgan.
Yil boshidan buyon kelib tushgan jami murojaatlarning 19 061 tasi takroran yuborilgani sababli rad etilgan, 1 981 tasi tekshiruv jarayonida.
Bugungi kunda murojaatlarning 25 283 tasi o‘rganilgan va ularning 98 foizi (24 637 tasi) o‘z tasdig‘ini topgan. 646 ta murojaatda qayd etilgan huquqbuzarlik tasdiqlanmagan.
Ma’lumot uchun, fuqarolar 2022 yil 1 yanvardan boshlab “Soliq hamkor” tizimi orqali quyidagi holatlar yuzasidan xabar berganda huquqbuzarlardan undirilgan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofotlanmoqda:
• nazorat kassa texnikasi va to‘lov terminallarini qo‘llash tartibini buzganlik;
• noqonuniy tadbirkorlik faoliyati;
• to‘lov terminallari orqali sotiladigan tovarlarning narxni sun’iy oshirish holatlari.
LiveBarchasi