Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi
Jamiyat
−
04 yanvar 2022
5870O‘zbekistonda 2022 yildan boshlab “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyili asosida onlayn xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida so‘z boradi. Farmon o‘tgan yilning 30 dekabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Davlat xizmatlari qamrovi va tezkorligini oshirish, ularning ko‘rsatilishida aholining barcha qatlamlari manfaatlarini inobatga olinishini ta’minlash maqsadida 2022 yilda:
• fuqarolar tomonidan davlat organlariga video aloqasi orqali murojaat qilish hamda surdotarjima qilish xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlariga ega maxsus platforma yaratiladi;
• fuqarolarga muddatli, muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni berish va almashtirishni hamda kompozit davlat xizmatlarini ularning murojaatini kutmasdan turib taklif etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
• “Fuqarolarning raqamli pasporti” loyihasini joriy qilish hisobiga aholidan muayyan faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi;
• keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini soddalashtirish va ularga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.
Farmonga muvofiq, Adliya vazirligi uch oy muddatda davlat xizmatlari tizimini xalqqa yanada yaqinlashtirish, navbatlarni qisqartirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va ularning 20 foizini xususiy sektorga o‘tkazish choralarini nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasi kiritishi lozim.
LiveBarchasi