O‘zbekistonda jurnalistlar himoyasi kuchaytirilishi kutilmoqda
Jamiyat
−
04 yanvar 2022
4632O‘zbekistonda 2022-2026 yillarda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi. Bunda asosiy rolni o‘ynovchi jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasi yanada kuchaytiriladi. Bu haqda “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi”ning 12-maqsadida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, jamoaviy murojaatlar asosida hududiy, tarmoq va davlat dasturlari ijro sifatini tekshirish amaliyoti joriy etiladi.
Ayrim davlat funksiyalarini amalga oshirish jarayoniga jamoatchilik nazorati sub’ektlarini keng jalb qilish, davlat organlari faoliyatini o‘rganishda ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish hamda aniqlangan kamchiliklarni ochiq muhokama qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yiladi.
Aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini va saylov madaniyatini oshirish, saylovlarga oid xalqaro standartlarni qonunchilikka implementatsiya qilish ishlarini davom ettiriladi.
Ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasini yanada kuchaytirish, odamlarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlarning ijrosi ahvolini o‘rganishda ularning mehnatidan samarali foydalaniladi.
Ijtimoiy sheriklikning samarasini oshirish, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qo‘llab-quvvatlash hajmini ikki barobarga oshiriladi.
Xalq deputatlari Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlariga ajratilayotgan mablag‘lar hajmini 7 barobarga oshiriladi.
O‘zbekistonda bir necha yillardan buyon, so‘z va matbuot erkinligi haqida bot-bot gapirilmoqda. Shunga qaramay, jurnalist va tasvirchilarga nisbatan tazyiq va bo‘htonlar yildan yilga avj olib boryapti. Tasvirchilarning kamerasi sindirilgani, fleshkalari yutib yuborilganiga ham guvoh bo‘ldik. Senat va boshqa tashkilotlar tomonidan har qancha munosabat bildirilmasin, ish nazoratda ekani aytilmasin, OAVga bosim qilgan, faoliyatini cheklashga uringanlarga qat’iy choralar ko‘rilmas, jazo berilmas, jurnalistlar daxlsizligi ta’minlanmas ekan matbuot anjumanlari o‘tkazib so‘z erkinligi haqida gapirishning mantig‘i bo‘lmaydi.
O‘zbekistonda matbuot va so‘z erkinligiga nisbatan talab va uni ta’minlashga bo‘lgan harakatlarga xos ravishda jurnalistika kasbi bilan bog‘liq xavf darajasi keskin ko‘tarilib bormoqda. Xususan, joriy yilning avgust oyida QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova “Tashkent city” hududidagi restoranlar O‘zbekiston Respublikasiga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarorini pisand qilmay, 20:00 dan keyin ham faoliyat yuritayotgani haqidagi tanqidiy-tahliliy reportaj tayyorladi va bu beboshlik jamoatchilikning haqli e’tirozini keltirib chiqardi.
Reportaj ommaga taqdim etilganidan bir kun o‘tar-o‘tmas, ijtimoiy tarmoqlarga Feruza Najmiddinovaning nomini bulg‘ovchi, hech qanday asosga ega bo‘lmagan nomaqbul video sizdirildi. Videoda ko‘p qavatli uyning balkonida ishqiy munosabatda bo‘layotgan ayol va erkak aks etgan bo‘lib, video qahramonlarini tanib olish juda qiyin. Shunga qaramay, ushbu videoning boshiga jurnalist Feruza Najmiddinovaning ish faoliyati davomida tushgan suratlari joylashtirilib, montaj qilingan va go‘yo nomaqbul video qahramoni jurnalist Feruza Najmiddinova ekani yozilgan. Haqiqat qaror topdi va bu video qahramoni Feruza Najmiddinova emasligi tasdiqlandi.
Garchi, 4 oy oldin QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovaning shanini toptash, uni obro‘sizlantirish maqsadida qilingan tuhmat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa-da, hali hanuz aybdorlar topilgani yo‘q, mutasaddilar esa hamon jim.
Bu kabi tuhmat toshi KUN.UZ jurnalisti Rahmatilla Isroilovga ham otilgan edi. “Jurnalist mendan 1 gektar yer berishni so‘radi”, deb tuhmat qilib, qilmishi uchun jazosiz qolgan mansabdor yodimizda. Ish sudga topshirilgan edi. Ammo, Olmazor tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Abdurasul Vahobov KUN.UZ muxbiriga tuhmat qilmagan, deb topilgan. Lekin jurnalistning yer so‘ragani ham isbotsiz qolgan. Pokuratura Vahobovning tushuntirishidan boshqa birorta dalil bo‘lmasa-da, jurnalist mansabdordan 1 gektar yer maydonini so‘ragan, deb topgan.
Achinarlisi, qarorda ushbu holat aynan nima bilan tasdiqlangani, Rahmatilla Isroilov Abdurasul Vahobovdan aynan qachon va nima maqsadda yer so‘ragani, buning evaziga qancha miqdorda pul (pora) taklif qilgani tafsilotlari bayon etilmagandi.
Qolaversa, KUN.UZʼning yana bir jurnalisti Ilyos Safarov davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikka amal qilishni talab qilib boshi baloga qolganini aytadi. Gap shundaki, jurnalist Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan brifingda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Yelena Babenkoning rus tilida taqdimot qilganiga e’tiroz bildirib, undan “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun bo‘yicha o‘zbek tilida chiqish qilishini so‘raydi. Sababi qonunda ham davlat tadbirlari va konferensiyalar davlat tilida o‘tkazilishi belgilangan.
“Aynan shu kundan keyin, bir hafta ko‘rmagan kunim qolmadi. Shunchalik bosimlar bo‘ldiki, hatto, oilamga ham tahdidlar bo‘ldi. Nima desam ekan, “Singling, otang, onang, ukang bor. Ularning qayerda ishlashi, qayerda o‘qishini bilamiz. Ularning tinch bo‘lishini xohlasang, o‘zing ham bu mavzuda tinch yur, degan tahdidlar bo‘ldi”, deydi Safarov.
Jurnalistlarga tahdid bilan bog‘liq yana bir holat AZON.UZ tahririyati sobiq bosh muharriri Abdulaziz Muborak bilan yuz bergandi. U ham o‘ziga nisbatan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mutasaddilari bosim qilganini yozgandi.
LiveBarchasi