Ichki ishlar vaziriga yo‘llarda o‘lim sonini kamaytirish vazifasi qo‘yildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va Transport vaziri Ilhom Mahkamovga yo‘llarda o‘lim holatlarini qisqartirish bo‘yicha dastur loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida so‘z boradi. Farmon o‘tgan yilning 30 dekabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Farmon loyihasiga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi Transport vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda rivojlangan mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali yo‘llarda o‘lim holatlarini qisqartirish bo‘yicha dastur loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim. 

Bunda, yo‘l inftratuzilmasining xalqaro standartlarga moslashtirish, harakatni boshqarish tizimini to‘liq raqamlashtirish, yo‘llarda xavfsiz harakatlanish uchun barcha ishtirokchilar uchun munosib sharoitlarni yaratish va jamoatchilikning ushbu sohadagi ishlarda keng ishtirokini ta’minlashga hamda “Ochiq byudjet” axborot portali orqali yo‘naltiriladigan mablag‘lardan ushbu yo‘nalishda samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilishi kerakligi belgilangan. 

Ma’lumot o‘rnida, 2021 yilning yanvar—oktyabr oylarida O‘zbekistonda 7681 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Unda 1964 kishi halok bo‘lgan, 6886 kishi jarohatlangan. 

Hududlar kesimida: 

•    Toshkent viloyatida – 1023 ta; 

•    Toshkent shahrida – 842 ta; 

•    Farg‘ona viloyatida – 1173 ta;

•    Namangan viloyatida – 830 ta;

•    Andijon viloyatida – 668 ta;

•    Samarqand viloyatida – 825 ta;

•    Jizzax viloyatida – 246 ta; 

•    Sirdaryo viloyatida – 148 ta; 

•    Navoiy viloyatida – 256 ta; 

•    Buxoro viloyatida – 321 ta;

•    Qashqadaryo viloyatida – 418 ta; 

•    Surxondaryo viloyatida 285 ta;

•    Xorazm viloyatida – 267 ta; 

•    Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 379 ta YTH sodir bo‘lgan. 

YTHlarni sodir etish bo‘yicha erkak haydovchilar ustunlik qilmoqda. 10 oy davomida 7479 nafar erkak haydovchi, 202 nafar ayol haydovchi YTH sodir etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Po'lat Bobojonov Taraqqiyot strategiyasi

Baholaganlar

304

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing