Fransuzlar Ukraina uchun o‘z jonlarini fido qilmaydi – Fransiya TIV
Olam
−
02 mart 2024 8844 2 daqiqa
Prezident Emmanuel Makronning bayonotiga qaramay, Fransiya armiyasi Ukraina mojarosidagi qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etmaydi. Bu haqda Respublika Tashqi ishlar vaziri Stefan Sejurne kecha, 1 mart kuni "France Inter" radiosining jonli efirida ma’lum qildi.
"Fransuzlar Ukraina uchun jon fido qilmaydi. Biz jangovar harakatlar davom etayotgan yerga qo‘shinlarni yubormaymiz, chunki Rossiya bilan urush qilmasdan turib, uning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ramka o‘rnatilgan edi. Va bu ramkada, Prezident aytganidek, hech narsa istisno qilinmaydi”, degan vazir.
Shuningdek, Sejurne jonli efirda aloqaga chiqqan fuqaroning Parij nega bu qarorga kelgani haqidagi savoliga mamlakat go‘yoki Rossiya bilan urushdan qochish va Fransiya aholisiga tashvish qo‘shmaslik niyatida ekanini bildirgan. Tashqi ishlar vazirining ta’kidlashicha, Parijning sa’y-harakatlari fransuzlarga tashvish qo‘shishga emas, balki urushdan qochishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 fevral kuni Parijga yo‘l olgan Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvni imzolagandi va 18 fevral kuni Fransiya Mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu mamlakat Ukraina uchun 9 mingga yaqin askar tayyorlab berishini aytdi. Makron ham Ukrainaga Fransiya qo‘shinlarini kiritish ehtimolini istisno etmagandi. Biroq Makronning bu bayonotidan so‘ng NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg alyans qo‘shinlari Ukrainaga yuborilmasligini ma’lum qildi. Oq uy ham Prezident Jo Bayden Amerika qo‘shinlari Ukrainaga jo‘natilishiga qarshi ekanini bildirdi.
Live
Barchasi