Fransiyadagi namoyishlar ortidan 2 ming kishi hibsga olindi
Olam
−
05 aprel 2023
4627Joriy yilning mart oyi o‘rtalaridan beri Fransiya huquq-tartibot idoralari pensiya islohotiga qarshi namoyishlarda qariyb 2000 kishini hibsga oldi. Bu haqda bugun, 5 aprel kuni Milliy assambleyaning (mamlakat parlamenti quyi palatasi) qonunchilik bo‘yicha komissiyasidagi tinglovda so‘zga chiqqan respublika Ichki ishlar vaziri Djerald Darmanin ma’lum qildi.
“1851 kishi hibsga olindi. Davlat muassasalariga 299 ta hujum aniqlangan, ularning ba’zilari pensiya islohotiga mutlaqo aloqasi yo‘q”, degan Djerald Darmanin.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 16 martdan buyon umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida 2,5 mingta yong‘in va 13 ta binolarni o‘t qo‘yish holatlari qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Fransiyaning pensiya yoshini 62 dan 64 ga ko‘taradigan va bir qator maxsus rejimlarni bekor qiluvchi islohot loyihasi yanvar oyida taqdim etilgan edi. Bu tashabbus butun mamlakat bo‘ylab namoyishlar va ish tashlashlarga sabab bo‘lgandi. 28 mart kuni Fransiyada milliy norozilikning o‘ninchisi bo‘lib o‘tgan va unda 740 mingga yaqin odam yig‘ilgandi. Navbatdagi namoyishlar esa 6 aprel kuniga belgilangan.
LiveBarchasi