Fransiyada mashinist tezyurar poyezddan sakradi
Olam
−
27 dekabr
6119Joriy yilning 24 dekabr kuni Fransiyada mashinist 300 km/soat tezlikda harakatlanayotgan poyezddan o‘zini tashladi. Oqibatda Rojdestvo bayrami arafasida Parij va Lion o‘rtasidagi poyezd harakati uzilib qoldi. Bu haqda BFMTV telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa joriy yilning 24 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da yuz bergan. Taxminlarga ko‘ra, mashinist o‘zini tashlagan va taxminan 400 yo‘lovchi bo‘lgan poyezd Parij janubi-sharqidagi Muazne kommunasi yaqinida avtomatik ravishda to‘xtab qolgan. Voqea joyiga yetib borgan qutqaruvchilar va politsiya xodimlari mashinistning jasadini topgan. Dastlab bu hodisa o‘z joniga qasd qilish deb baholangan, biroq Fransiya Milliy temiryo‘l kompaniyasi jurnalistlarga bu taxminni tasdiqlamagan va hozircha tergov davom etayotganini ma’lum qilgan.
Mashinist jasadini qidirish davomida Parij va Lion o‘rtasidagi tezkor poyezd liniyasi har ikki yo‘nalishda to‘liq yopilgan. Poyezdlar odatdagi temiryo‘l liniyalariga yo‘naltirilgan, bu esa yo‘l vaqtini bir yarim soatga uzaytirgan. Biroq telekanal suhbatdoshlaridan biri o‘z poyezdini besh soat kutganini aytgan. Ushbu voqea o‘nlab poyezdlar va bir necha ming yo‘lovchiga ta’sir qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Murmansk viloyati janubida yo‘lovchi poyezdi yuk poyezdi bilan to‘qnashib ketgan edi.
LiveBarchasi