Fransiya “rus ko‘rsichqonlari”ning kirdikorlarini fosh qildi
Olam
−
18 Oktabr 2021
9687Fransiya Tashqi xavfsizlik bosh boshqarmasining sobiq direktori Bernar Bajole 2017 yilda “rus ko‘rsichqonlari” mamlakat Mudofaa vazirligiga kira olganini tasdiqladi. Bu haqda u “France 5” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
Telekanal jurnalisti Bajoledan 2017 yilda “rus ko‘rsichqonlari” go‘yoki Jan-Iv Le Drian (hozirgi mamlakat Tashqi ishlar vaziri) boshchiligida Fransiya Mudofaa vazirligi apparatiga kirgani haqidagi ma’lumotga izoh berishni so‘ragan.
“Darhaqiqat, men Tashqi xavfsizlik xizmatining bosh direktori bo‘lganimda, josus haqidagi ma’lumotni hokimiyatga yetkazdim”, deb javob bergan Bajole.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiyada sovuq urush tugaganidan keyin ayg‘oqchilarni topishga pul sarflashning hojati yo‘q, deb aytilgan.
“Ammo bularning barchasidan ko‘rish mumkinki, josuslik faoliyati to‘xtamagan”, degan Bajole.
Uning ta’kidlashicha, nafaqat Rossiya, balki Xitoy va AQSH ham josuslik bilan shug‘ullanadi.
Ma’lumot o‘rnida, Bernar Bajole 2013-2017 yillarda Fransiya Tashqi razvedkasini boshqargan.
2019 yilning yozida Fransiyaning “Le Monde” gazetasi manbalarga tayanib, Shveysariya maxsus xizmatlari 2016 yilda Butunjahon antidoping agentligiga qarshi kiberhujumda ayblanuvchilarga yordam bergan rossiyalik josusning ismini oshkor qilganini xabar qilgan. Gap 2016 yil sentyabrda Rossiyaning Marseldagi bosh konsulligida vitse-konsul lavozimini egallagan, ammo diplomatik missiya xodimlari orasida rasman ro‘yxatga olinmagan Sergey Jeltikov haqida bormoqda. Rossiyaning Marseldagi bosh konsulligi gazeta ma’lumotlarini “iflos tuhmatlar” deb atagan.
LiveBarchasi