Fransiya Kiyevga Mirage 2000 qiruvchi samolyotlarini jo‘natadi

Olam

image

Fransiya Mirage 2000 zarba beruvchi samolyotlarining birinchi partiyasini 2025 yilning birinchi choragida Kiyevga yetkazib beradi. Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro bugun, 19 oktyabr kuni Ukrainaga tashrifi chog‘ida mavqedoshi Andrey Sibiga bilan bo‘lgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Barro Ukrainaning Rossiya bilan urushni tugatish rejasini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Ukraina rasmiylari bilan hamkorlikda boshqa davlatlardan yordam so‘rashga va’da bergan Fransiya Tashqi ishlar vaziri Parij Mirage 2000 zarba beruvchi samolyotlarining birinchi partiyasini 2025 yilning birinchi choragida Kiyevga yetkazib berishiga ishontirgan.

Jan-Noel Barroning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya shuningdek, ukrainalik uchuvchilar va mexaniklarni qiruvchi samolyotlarni boshqarish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitadi.

Fransiya TIV rahbarining ta’kidlashicha, Parij Ukrainani zudlik bilan NATOga taklif qilish g‘oyasiga ochiq, ammo ittifoqchilar bilan bu boradagi muzokaralar hali davom etadi.

“Bosqinchilarga g‘oyat jasorat bilan qarshilik ko‘rsatib, siz nafaqat Ukrainaning hududiy yaxlitligi uchun kurashyapsiz, balki Yevropani Putin Rossiyasidan ajratib turuvchi, ozodlikni zulmdan ajratuvchi front chizig‘ini ham ushlab turibsiz”, degan Barro.

Ukraina va Fransiya Tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida asosiy e’tibor – ittifoqchilarning Zelenskiyning “g‘alaba rejasi” va “tinchlik formulasini” qo‘llab-quvvatlashi, Moskvaning KXDRdan yordam jalb qilishi, Ukraina urushini kuchaytirish orqali urushni kengaytirishga urinishlariga qarshi turishga qaratilgan.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga fransiyalik hamkasbiga Fransiyada Ukraina brigadasini tuzish qarorini amalga oshirgani uchun minnatdorlik bildirgan va bu tashabbus boshqa ittifoqchilarga o‘rnak bo‘lishiga umid bildirgan.

Ma’lumot uchun, shu kungacha Fransiya Ukrainaga 18 ta “Sezar” o‘ziyurar artilleriya tizimi va 2 ta Crotale zenit tizimlari akkumulyatorini yuborgan. Dekabr oyida Makron Kiyevga qurol va o‘q-dorilarning yangi partiyasini 2023 yil boshida yetkazib berishni rejalashtirayotganini aytgan. O‘tgan haftada esa Fransiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ann-Kler Lejandr Parijning Kiyevga qo‘shimcha 12 ta “Sezar” inshootini yuborish, shuningdek, Fransiya va Polshada 2000 nafar ukrainalik askarni tayyorlash rejasini tasdiqlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning fevral oyida Fransiya hukumatining rasmiy vakili Olive Veran mamlakat Kiyevga jangovar samolyotlar yetkazib bermasligini ma’lum qilgandi. Uning fikricha, ular hujum quroli bo‘lib, Fransiya Ukrainani birinchi navbatda mudofaa sohasida qo‘llab-quvvatlash zarur. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron joriy yilning 6 iyun kuni Fransiyaning TF1 va “France 2” telekanallariga bergan intervyusida Parij Ukrainaga bir qator modernizatsiya qilingan Mirage 2000-5 ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotlarni taqdim qilmoqchiligini aytgandi.  

 


Maqola muallifi

Teglar

Andrey Sibiga Mirage 2000 Jan-Noel' Barro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing