Fransiya Isroil vaziriga mamlakatga kirishni taqiqladi

Olam

image

Fransiya Isroilning Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga mamlakat hududiga kirishni taqiqladi. Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro o‘zining X sahifasida kecha, 23 may kuni ma’lum qildi.

Parij rasmiylarining bu qarori Ben-Gvirning “Sumud” nomli gumanitar flotiliya ishtirokchilariga nisbatan tutgan munosabati bilan bog‘liq. Bu flotiliya G‘azo sektoriga yordam yetkazish maqsadida yo‘lga chiqqan bo‘lib, Isroil dengiz kuchlari tomonidan to‘xtatilgan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu flotiliya “hech qanday foydali natija bermaydigan va diplomatik hamda konsullik xizmatlarini ortiqcha yuklaydigan tashabbus” bo‘lgan.

Shunga qaramay, Barro Fransiya fuqarolari va boshqa Yevropa davlatlari fuqarolariga nisbatan davlat amaldori tomonidan tahdid va qo‘rqitish bo‘lganini qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan.

U, shuningdek, Italiya Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani kabi,Yevropa Ittifoqini Itamar Ben-Gvirga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirgan.

Oldinroq, Itamar Ben-Gvir internetda “Sumud” flotiliyasi faollarining hibsga olinishi aks etgan videoni e’lon qilgan edi. Unda faollar Isroilning Ashdod portida tiz cho‘ktirib qo‘yilgan, qo‘llari orqaga bog‘langan va boshlarini pastga egib turgan holda ko‘rsatilgan. Ben-Gvir esa ularning yonida yurib, ibroniy tilida: “Isroilga xush kelibsiz, bu yerda xo‘jayin bizmiz”, deb baqirgan.

U videoga “Terrorizm tarafdorlarini biz shunday kutib olamiz” degan izoh qoldirgan.

Yevropa Ittifoqi va AQSH bu holatni keskin qoralagan. Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati vakili Anuar al-Anuniy bu munosabatni “mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi” deb atagan va Isroilni xalqaro huquq normalariga qat’iy rioya qilishga hamda hibsga olinganlarni ozod qilishga chaqirgan.

Joriy yilning 20 may kuni Italiya, Fransiya, Kanada, Niderlandiya, Belgiya va Portugaliya kabi bir qator G‘arb davlatlari Isroil elchilarini tashqi ishlar vazirliklariga chaqirtirgan. Ispaniya esa Isroilning Madriddagi elchisi yo‘qligi sababli faqat vaqtinchalik vakilni chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Itamar Ben-Gvir Jan-Noel' Barro Sumud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing