Isroil vaziri G‘azoda har kecha 30-40 kishini o‘ldirishga chaqirdi
Olam
−
16:21 923 2 daqiqa
Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir G‘azoda har kecha 30-40 kishini o‘ldirishga chaqirdi. U bu fikrlarini HAMAS garovidan ozod qilingan Rom Braslavskiy bilan suhbatda bildirgan. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ben-Gvir Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning G‘azodagi zarbalarni kamaytirish bo‘yicha pozitsiyasiga qo‘shilmasligini aytgan. Uning fikricha, G‘azoda har kecha 30-40 kishiga qarshi suiqasdlar amalga oshirilishi kerak.
“Men Bosh vazir bilan kelishmayman. G‘azoda har kecha 30-40 kishini nishonga olib, o‘ldirish kerak”, deydi Ben-Gvir.
Vazir bu bilan cheklanmay, hujumlar faqat bevosita tahdid tug‘dirayotgan shaxslarga qarshi qaratilmasligi kerakligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, G‘azoda “hayotga loyiq bo‘lmagan” va “inson hisoblanmaydigan” odamlar bor.
Ben-Gvir, shuningdek, G‘azo aholisining ommaviy ko‘chib ketishini qo‘llab-quvvatlagan. U G‘azoni Isroilniki deb bilishini, hududda yahudiylar uchun yangi manzilgohlar barpo etilishi va falastinliklarning imkon qadar ko‘proq boshqa davlatlarga ko‘chirilishi kerakligini aytgan.
Ma’lumot uchun, Ben-Gvir Isroil harbiylari ustidan bevosita vakolatga ega emas va G‘azoga zarba berish bo‘yicha buyruq bera olmaydi. Biroq u mamlakatdagi eng ta’sirli o‘ng qanot siyosatchilardan biri bo‘lib, politsiya va qamoqxona tizimiga rahbarlik qiluvchi vazir hisoblanadi.
Nashrning yozishicha, Ben-Gvirning avvalgi shunga o‘xshash bayonotlari ham xalqaro miqyosda keskin tanqid qilingan. Ayrim Isroil rasmiylarining bayonotlari G‘azodagi vaziyat yuzasidan Janubiy Afrika tomonidan BMTning Xalqaro sudiga taqdim etilgan ishda genotsid niyatining dalili sifatida keltirilgan. Isroil esa G‘azoda genotsid sodir etganini rad etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning o‘ngchi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir mamlakatning Negev qamoqxonasida saqlanayotgan falastinlik mahbuslarning kiyimlari va Qur’on kitobi nusxalarini musodara qilishni buyurgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi