Isroil Falastinga yordam olib ketayotgan “Sumud” faollarini tahqirladi (video)

Olam

image

Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir Falastinga yordam olib ketayotgan “Sumud” flotiliyasi faollari qo‘lga olinganidan keyingi holat aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqqa joyladi.

Videoda qo‘lga olingan faollar qo‘llari orqaga qayrilgan holda olib ketilgani, keyin esa beton maydonda tiz cho‘ktirilib, boshlarini yerga egishga majburlangani tasvirlangan. Shuningdek, ularga Isroil madhiyasi eshittirilgani ham ko‘rinadi. Kadrlar fonida Ben-Gvir qo‘riqchilarga “ularning qichqiriqlariga e’tibor bermang” degani eshitiladi. Vazir video ostiga “Terrorizm tarafdorlarini mana shunday kutib olamiz” deb yozgan.

Mazkur holat nafaqat Yevropa davlatlari rahbarlari, balki Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu tomonidan ham keskin tanqid qilingan.

Netanyaxu Isroil “provokatsion flotiliyalar”ning hududiy suvlarga kirishini to‘xtatishga haqli ekanini aytgan bo‘lsa-da, Ben-Gvirning faollarga munosabati “Isroil qadriyatlari va me’yorlariga mos emas”ligini ta’kidlagan.

Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Sa’ar esa Ben-Gvirni “davlatga uyatli shou orqali zarar yetkazganlikda” aybladi.

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper videodan “dahshatga tushgani”ni bildirib, bu inson sha’ni va qadr-qimmatiga zid ekanini aytgan.

Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni esa faollar, jumladan Italiya fuqarolari tahqirlangani uchun Isroildan uzr so‘rashni talab qilgan. Unga ko‘ra, Italiya TIV Isroil elchisini chaqirtiradi. Shuningdek, Kanada va Niderlandiya ham Isroil elchilarini chaqirish niyatida ekanini bildirgan.

Eslatb o‘tamiz, avvalroq Isroil tomonidan qo‘lga olingan “Sumud” flotiliyasidagi gumanitar yordam faollaridan 173 nafari Gretsiyaga topshirilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Bin'yamin Netan'yaxu Ben-Gvir Sumud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing