Putinga qarshi yurish: Jayhun Bayramov Ukrainaga bordi (video)
Olam
−
17:17 2765 4 daqiqa
Bugun, 6 avgust kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov rasmiy tashrif bilan Kiyevga bordi. Vokzalda uni Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga kutib oldi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
“Tashrif doirasida Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga va Ukraina rasmiy doiralarining boshqa yuqori lavozimli vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan”, deyiladi xabarda.
Jayhun Bayramov Andrey Sibiga bilan birgalikda Ukraina Qurolli kuchlari harbiylari xotira maydoniga gul qo‘ygan.
“Bayramov va Sibiga Ukrainada ishlab chiqarilgan dronlar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirishdi hamda Ukraina Qurolli kuchlari xotira maydoniga chambar qo‘yishdi”, deb xabar berdi Ozarbayjon TIV.
Shuningdek, Andrey Sibiga Jayhun Bayramov bilan o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida Ozarbayjonga insonparvarlik yordami uchun minnatdorlik bildirgan.
“Biz Ozarbayjonga keng ko‘lamli bosqinning dastlabki kunlaridan beri ko‘rsatilayotgan yordam: Irpendagi fuqarolik infratuzilmasini qayta tiklash, insonparvarlik yordami, energetika ob’ektlari uchun uskunalar va boshqa ko‘p narsalar uchun minnatdormiz. Biz buni har doim yodda tutamiz. Ozarbayjon Prezidentiga, Ozarbayjon xalqiga va Ozarbayjon hukumatiga tashakkur bildiramiz”, deydi u.
Sibiga Ozarbayjonning Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashdagi prinsipial pozitsiyasini yuqori baholagan.
“Ukraina ham Ozarbayjon suvereniteti va hududiy yaxlitligini har doim qo‘llab-quvvatlagan va qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu munosabatlarimizning o‘zgarmas asosidir”, deya qo‘shimcha qilgan u.
So‘ngra, Sibiga o‘tgan va joriy yilda Ukraina va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklikda yangi dinamikani, shuningdek, barcha darajadagi aloqalar faollashganini kuzatayotganini ta’kidlagan.
U Bayramovning ushbu tashrifini ana shu yangi va ijobiy dinamikaning yana bir elementi sifatida ko‘rishini ma’lum qilgan.
“Aprel oyida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Ozarbayjonga tarixiy tashrifi bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari Prezident Ilhom Aliyev bilan mazmunli muzokaralar o‘tkazdi. Biz, shuningdek, muhim ikki tomonlama bitimlar tuzdik. Ukraina yuqori lavozimli shaxslarining yana bir qator muhim tashriflari amalga oshirildi. Aytgancha, uchrashuvlar, siyosiy aloqalarning ushbu dinamikasi o‘sishni boshlagan ikki tomonlama tovar aylanmamizda ham ijobiy aks etmoqda. Biz o‘z oldimizga tovar aylanmasini urushdan oldingi darajaga yetkazish maqsadini qo‘ydik. Hozirda ushbu ko‘rsatkich taxminan 600 million dollarga yetdi”, deydi u.
Sibiga bugun tomonlar ikki tomonlama kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha atroflicha muzokaralar o‘tkazganini bildirgan.
“Ukraina uchun energetika masalasi ustuvor bo‘lib qolmoqda, gap qishgi mavsumdan o‘tishga tayyorgarligimiz va mintaqada energetika xavfsizligini mustahkamlash haqida bormoqda. Biz, shuningdek, o‘zaro manfaatli iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratdik. Ozarbayjon kompaniyalarining investitsiyalarini yuqori baholaymiz. Ozarbayjon biznesi Ukrainada urushdan oldin ham ishlagan va hozir ham ishlashni davom ettirmoqda. Uning ishtiroki kengayishiga va yangi qo‘shma, jumladan, strategik loyihalar amalga oshirilishiga umid qilamiz”, deya qo‘shimcha qilgan Ukraina TIV rahbari.
U tomonlar kelishib olganini va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish ustida allaqachon ish olib borayotganini ta’kidlagan.
“Biz Janubiy Kavkaz va Yaqin Sharqdagi xavfsizlik sohasidagi vaziyatni ham muhokama qildik. O‘z tarafimdan hamkasbimga tinchlik jarayoni, Ukrainaning Rossiya agressiyasini to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlari haqida ma’lumot berdim. Bu masalada Ozarbayjonning roli va ovozi juda muhim. Mustaqillik yillarida Ukrainada ham, Ozarbayjonda ham ko‘p narsa o‘zgardi, ammo xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash o‘zgarmas bo‘lib qolmoqda”, deydi Sibiga.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyul oyi o‘rtalarida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ma’lum qilgan edi. Xususan, u Ukraina xalqi va mamlakat rahbariyati hududiy yaxlitlik masalasida o‘z pozitsiyalari bo‘yicha tashqaridan beriladigan maslahatlarga muhtoj emasligini, ular istiloga rozi bo‘lmasligi kerakligini aytdi.
Kreml bunga javoban Bakuning pozitsiyasini xato deb atadi va bu ikki tomonlama munosabatlar rivojlanishiga xalaqit bermasligini qayd etdi.
“Prezident Aliyev tomonidan bildirilgan pozitsiyaga keladigan bo‘lsak, bizni yaqin munosabatlar bog‘lab turadigan va biz mutlaqo qo‘shilmaydigan bunday pozitsiyani ma’qullaydigan butun bir qator davlatlar mavjud. Ha, bu bizning kelishmovchiliklarimiz mavzusi hisoblanadi. Shu bilan birga, biz bu masala ikki tomonlama munosabatlarimizga qandaydir soya solishi uchun asos bo‘la olmaydi deb hisoblaymiz va pragmatik yondashuvga amal qilamiz”, deydi Peskov.
Joriy yilning fevral oyida ham mamlakatlar o‘rtasida Ukraina bo‘yicha pozitsiyada qarama-qarshilik yuzaga kelgan edi. Bunga Rossiya tomonidan Ukrainadagi Ozarbayjon elchixonasi va energetika infratuzilmasiga uyushtrilgan hujum sabab bo‘lgandi. Ilhom Aliyev buni “qasddan qilingan hujum”, deb atadi.
2026 yilning yanvar oyida esa Ozarbayjon Ukrainaga 1 million dollarlik insonparvarlik yordami partiyasini yuborgan edi. Rossiya esa Ukrainaga ko‘rsatiladigan har qanday yordamni qoralashini bildirib keladi.
Live
Barchasi