Endi “Rossiya bosqinchi emas” yoxud Venesuela – zamonaviy mustamlaka

Tahlil

Afsuski, yangi 2026 yil o‘tgan yilning eski muamolarini meros qilib oldi. Yanvar oyining dastlabki kunlaridanoq boshlangan g‘ala-g‘ovur xalqaro huquq aslida qudratli davlatlar uchun bir parcha qog‘oz ekani, olamga tinchlikni qaytarishni va’da qilganlar esa xohlagan paytda bu huquqlarga beo‘ylov tupurib, zo‘ravonlik yo‘liga o‘tib ketishini va adolat mezoni deyiluvchi demokratiya vaqti kelsa o‘sha zo‘ravonlar uchun o‘zini oqlash vositasiga aylanib qolishini ko‘rsatdi. Bir tomonda Rossiya boshlagan va haligacha tugatolmagan Ukraina urushi, ikkinchi tomondan Isroilning G‘azo ustidan qirg‘ini. Navbat esa AQSHning g‘arbiy yarimshardagi imperialistik harakatlariga yetdi. Qisqa qilib aytganda, kolonizatsiyalashtirish davri qaytayotgan ko‘rinadi.

AQSH va Venesuela mojarosi haqida o‘tgan yilda ham bir necha bor gapirgan edik, vaholanki, oxir-oqibat muammolar qurol kuchi bilan hal etilishi ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. Yangi yil oqshomlarida “Yer shariga tinchlik” shiori bilan baralla jar solgan AQSH Prezidenti Donald Trampning qaror qabul qilishdagi bunday keskin burilishi ijtimoiy tarmoqlarda ba’zan tanqid qilinsa, ba’zan jiddiy satira ostiga olinmoqda. Har xolda tinchlik bir davlatning chegarasiga beruxsat bostirib kirib, davlat rahbarini o‘g‘irlab, kamiga oddiy aholining ham o‘limiga sabab bo‘lgan operatsiya o‘tkazish bilan o‘rnatilmasa kerak?! 

Rossiyaning Ukrainaga qilgan agressiyalari tinimsiz qoralanib, Trampning Amerika qit’asida tom ma’noda yakka hukmron bo‘lishga urinayotgani e’tiborsiz qoldirilmoqda. Qudratli deb ishoniladigan davlatlar ham, xalqaro tashkilotlar ham rasmiy norozilik bayonotlarini berishdan ortig‘iga jur’at qilolmayotgandek, go‘yo. Odamlarning xalqaro huquq-u, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga bo‘lgan ishonchi tobora pasayib borayotgani ham bejiz emas, albatta.

Operatsiya tafsilotlari

2026 yil 3 yanvar, mahalliy vaqt bilan tahminan 02:00 atrofida Venesuela poytaxti Karakas shahri osmoniga AQSH havo kuchlari bostirib kirdi. Hech qanday harbiy qarshiliklarsiz bo‘lib o‘tgan qariyb yarim soatlik operatsiya  Venesueala Prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores hibsga olinib, AQSHga olib chiqib ketilishi bilan yakunlandi. “Operation Absolute Resolve” nomli hujum rejasining ildizi o‘tgan 2025 yilning yoziga borib taqaladi. CBS telekanali manbasining aytishicha, Davlat kotibi Marko Rubio, Mudofaa vaziri Pit Hegset, MRB direktori Jon Retkliff va Prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Stiven Miller ishtirokida tuzilgan ushbu reja AQSHning qudratli havo kuchlari salohiyatiga va Venesuela hukumati tarkibidagi guruhga tayangan. AQSH Qurolli kuchlari Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Den Keynning 3 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytishicha, operatsiya rejasi dekabr oyidayoq to‘liq tayyor bo‘lgan, biroq bir necha hafta davomida qulay ob-havoni kutishga to‘g‘ri kelgan.  
                                                                                    
General Keynning so‘zlariga ko‘ra, 3 yanvar kechasi kerakli ob-havo sharoiti yuzaga kelgan va AQSHning Sharqiy qirg‘oq vaqti bilan soat 22:46 da Tramp operatsiyani boshlash buyrug‘ini bergan. Bir vaqtning o‘zida 20 ta bazadan 150 dan ortiq samolyot va uchuvchisiz apparatlar havoga ko‘tarilgan. 

Karakas vaqti bilan tungi soat 02:01 da vertolyotlar Maduroning qarorgohiga yetib borgan. Ularni yuqoridan samolyotlar va dronlar himoya qilib turgan. Shundan so‘ng, qo‘lga olish guruhi Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliyani asir olgan. Vertolyotlar havoga ko‘tarilib, operatsiya boshlanganidan 4 soat 43 daqiqa o‘tib – AQSH Sharqiy qirg‘og‘i vaqti bilan 03:29 da “Ivo Jima” aviatashuvchisiga qo‘ngan.

Operatsiyaning ko‘plab maxsus tafsilotlari harbiy sir sifatida ochiqlanmadi, ammo mahalliy OAVlar ma’lumotlariga ko‘ra hujum oqibatida faqat harbiylar emas, oddiy aholi ham halok bo‘lgan. “The New York Times” jurnalida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra umumiy hisobda qirqdan ziyod inson otishma va portlashlar davomida vafot etgani aytilgan. Venesuela Mudofa vazirligi  portlashlar aholi yashash punktlarida ham sodir bo‘lganligini tasdiqladi.

Tramp tanqid ostida

AQSHning ushbu operatsiyasi nafaqat Venesuela, balki butun dunyo uchun ham umuman kutilmaganda sodir bo‘ldi. Dunyodagi hech bir qonun bilan oqlab bo‘lmaydigan bunday tezkor hujum va davlat rahbarining mamlakatdan olib chiqib ketilishi ko‘plab siyosiy doiralarda keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Dastlabki munosabatni Venesuelaga qo‘shni bo‘lgan Kolumbiya davlati Prezidenti Gustavo Petro e’lon qildi. X ijtimoiy tarmog‘ida Karakasdagi bombardimonlar haqida ogohlantirib, BMT Xavfsizlik Kengashi va Amerika Davlatlari Tashkilotini tezkor yig‘ilishlar tashkil etishga chorladi.

“Hozir ayni paytda Karakas hujum ostida. Butun dunyoni ogohlantiring: Venesuela hujumga uchradi! Raketa zarbalari berilmoqda. Amerika davlatlari tashkiloti va BMT zudlik bilan yig‘ilish o‘tkazishi kerak”, deb yozdi Gustavo Petro.

Albatta, boshqalar ham jim turgani yo‘q, dunyoning qirqdan ortiq davlatlari va jahon tashkilotlari tomonidan tezkor munosabatlar bildirildi. Jumladan, Yevropadan: Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Belgiya, Niderlandiya, Daniya, Finlyandiya, Avstriya, Shvetsiya, Norvegiya, Irlandiya, Polsha, Chexiya, Albaniya, Kosovo, Osiyodan: Xitoy, Rossiya, Eron, Turkiya, Suriya, Pokiston, Vetnam, Isroil, Janubiy Amerikadan: Kolumbiya, Braziliya, Meksika, Chili, Boliviya, Kuba, Nikaragua, Gonduras, Urugvay, Peru, Paragvay, Argentina, Afrikadan: Janubiy Afrika, Senegal, Nigeriya, Efiopiya va Okeaniyadan: Avstraliya va Yangi Zenlandiya rasmiylari bayonot bilan chiqdi. Bundan tashqari, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaja Kallas va Amerika Davlatlari Tashkiloti Bosh kotibi Albert Ramdin tanqidiy munosabatlarini e’lon qildi. Bildirilgan reaksiyalarning asosiy qismi AQSHning harakatlarini qoralagan va xalqaro huquq normalariga rioya qilish, aralashmaslik tamoyili hamda venesuelaliklarning o‘z kelajagini o‘zi belgilash huquqini hurmat qilishga va xalqaro tinchlikni saqlashga chaqirgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, AQSHning ushbu harakatlari Xitoy uchun ham kutilmagan bo‘lgani va bunga jiddiy qarshi ekanini bildirgan.

“Xitoy AQSHning suveren davlatga qarshi qo‘pol kuch ishlatishi va uning prezidentiga qarshi harakatlaridan qattiq hayratda va qat’iy qoralaydi. AQSHning bunday gegemonlik harakatlari xalqaro huquq va Venesuela suverenitetini jiddiy ravishda buzadi hamda Lotin Amerikasi va Karib dengizi mintaqasida tinchlik va xavfsizlikka tahdid soladi. Xitoy bunga qat’iy qarshi. Biz AQSHni xalqaro huquqqa, BMT Nizomining maqsadlari va tamoyillariga rioya qilishga hamda boshqa mamlakatlarning suvereniteti va xavfsizligini buzishni bas qilishga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.

AQSHning asosiy ittifoqchilaridan biri Fransiyaning ham bu borada fikrlari ijobiy emas. Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Telegramʼdagi kanalida Venesuela Prezidentining siyosatini tanqid qildi, ammo Venesuela xalqining suverenitetini hurmat qilishni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. 

“Nikolas Maduroni qo‘lga olishga olib kelgan harbiy operatsiya xalqaro huquqning markazida bo‘lgan kuch ishlatmaslik tamoyiliga ziddir. Fransiya hech qanday uzoq muddatli siyosiy yechimni tashqaridan majburlab bo‘lmasligini va suveren xalqlar o‘z kelajagini o‘zlari belgilashini eslatadi”, deb yozdi u. 

Shu jumladan Donald Tramp qaysidir ma’noda qo‘llab, yon bosib keladigan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ham bu borada fikrlari ahamiyatli. Ukrainaga bosqinidan buyon xalqaro huquqlarni buzuvchi sifatida ko‘rib kelinayotgan Rossiya ma’muriyatining AQSHga kelganda o‘sha huquqlarni eslab qolgani, muammolarni tinch yo‘l bilan yechish mumkinligini aytishi, bir tomondan kulgili. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, bunday harakatlarni oqlash uchun ishlatilgan bahonalar asossiz.

“Vujudga kelayotgan vaziyatda, eng avvalo, muammoni yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik, muammolardan chiqish yo‘lini muloqot orqali topishga intilish muhimdir. Biz bir-biriga e’tirozi bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha hamkorlar o‘zaro muammolarni hal qilish yo‘llarini muloqot yechimlari orqali izlashlari kerak, deb hisoblaymiz. Biz ularni bu yo‘nalishda qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, deydi rasmiy Moskva.

Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi vakili ham AQSHning Venesuela suverenitetini vahshiylarcha buzayotgani haqidagi so‘rovga javoban buni “qo‘pollik harakati” deb atadi va bu voqea xalqaro hamjamiyat uzoq vaqtdan beri tez-tez guvohi bo‘lib kelgan AQSHning yovuz va shafqatsiz tabiatini yana bir bor tasdiqlovchi bir misol ekanini aytdi.

“Shimoliy Koreya Venesuelada sodir etilgan AQSHning gegemonlikka intilish harakatini suverenitetga tajovuz qilishning eng jiddiy shakli hamda BMT Nizomi va xalqaro qonunlarning qo‘pol ravishda buzilishi sifatida qattiq qoralaydi”, deb qo‘shimcha qilindi. 

Shuningdek, u xalqaro hamjamiyatni Venesueladagi “halokatli” vaziyatni tan olishga va AQSHning boshqa mamlakatlar suverenitetini odatiy ravishda buzishini qoralashga chaqirdi.

Dunyoning deyarli barcha davlatlari a’zo bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Antoniu Guterrishning e’lon qilgan bayonotida Venesueladagi barcha ishtirokchilar inson huquqlari va qonun ustuvorligiga to‘liq hurmat bilan munosabatda bo‘lish va inklyuziv muloqotga chaqirilgan. 

“Venesueladagi vaziyatdan qat’i nazar, bu voqealar xavfli pretsedentni tashkil etadi. Bosh kotib xalqaro huquqni, jumladan, BMT Nizomini to‘liq hurmat qilish muhimligini ta’kidlashda davom etmoqda. U xalqaro huquq qoidalariga rioya qilinmaganidan chuqur xavotirda”, deyilgan bayonotda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 2-moddasiga ko‘ra, barcha a’zolar xalqaro munosabatlarda har qanday davlatning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatishdan tiyilishi shart. AQSHning xoh mamlakatda demokratiyani tiklash vaji bo‘lsin, xoh boshqa bahona – hech biri qurol yordamida masalani hal etishga vakolat bermaydi. Nizomning 51-moddasida qurol ishlatish huquqi qachonki, davlatning o‘zi qurolli hujumga uchraganda amal qilishi belgilab qo‘yilgan, ammo Vashington vaj qilayotgan muammo bu narkokartel muammosi, xolos. Qisqa qilib aytganda, Xalqaro jinoiy sud AQSH ma’muriyatini javobgarlikka tortish uchun yetarli asosga ega, biroq Oq uy o‘zini oqlash uchun tayinli hujjat topolmaydi va buni xohlagani ham yo‘q.

Albatta, ushbu hujmni oqlagan davlatlar ham sanoqli bo‘lsa-da, topiladi. Albaniyaning Yevropa va Tashqi ishlar bo‘yicha vaziri Eliza Spiripali o‘zining X sahifasida AQSHni qo‘llab-quvvatlashini va uning harakatlarini yoqlashini e’lon qildi.

“Biz Davlat kotibi Rubioning avtoritarizm, korrupsiya va transmilliy jinoiy tarmoqlarga qarshi kurashishdagi kuchli yetakchiligini qo‘llab-quvvatlaymiz. AQSHning sodiq ittifoqchisi va NATO a’zosi sifatida Albaniya demokratik tamoyillar va global xavfsizlikni himoya qilishda Amerika rahbariyati bilan yelkama-yelka turibdi”, deb yozgan Spiripali.

Ko‘plab mutaxassislar ushbu harakatlarni hech bir xalqaro huquq normasi bilan oqlab bo‘lmasligini va bu ochiqchasiga jinoyat ekanligini ta’kidlamoqda. Hatto, AQSHning o‘z qonunchiliga ko‘ra ham bir davlatning ichki ishlariga aralashish mumkin emas, aslida. 

Nyu-Yorkning yangi meri Zohran Mamdani ham Trampning bu qarorini salbiy baholab, o‘z chiqishlarida Venesuela suveriniteti masalasini ko‘tardi.

“Rejim o‘zgarishiga qaratilgan bunday ochiqchasiga intilish nafaqat chet elliklarga, balki Nyu-York aholisiga, jumladan, bu shaharni o‘z uyi deb biladigan o‘n minglab venesuelaliklarga ham bevosita ta’sir qiladi. Mening diqqat markazim ularning va har bir nyu-yorklikning xavfsizligiga qaratilgan va mening ma’muriyatim vaziyatni kuzatishda davom etadi hamda tegishli ko‘rsatmalar beradi”, deb yozadi Mamdani.

Xullas, Venesuelaning avtokratik rejimi barcha uchun birdek ma’lum va shu vaqtgacha Nikolas Maduroning hokimiyati yetarlicha tanqid qilingan. Buni o‘tgan yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini Venesuela parlamentining sobiq deputati, mamlakatning muxolif kuchlari yetakchilaridan biri Mariya Korina Machado qo‘lga kiritgani ham bunga yaqqol isbot. Ammo, AQSHning harbiy yo‘l bilan bir davlatning suverinitetini buzishi va buni demokratiya uchun qildim deyishiga hech kim ishonmaydi, ayniqsa, nishondagi davlat dunyoning birinchi raqamli neftga boy mamlakati bo‘lsa.

Venesuealadagi murakkab vaziyat

Avtokrat ma’muriyat ag‘darildi, o‘rniga AQSH ishongan Delsi Rodriges muvaqqat rahbar bo‘ldi, ammo hanuz Venesuela xalqi norozi, mamlakatda barqaror tinchlik o‘rnatilmadi. Namoyishlar to‘xtamadi faqat ishtirokchilari almashdi, xolos. Aslida AQSH qo‘llayotgan Delsi Rodrigesning o‘zi ham Maduro hukumatiga begona emas. U aynan Maduro davrida vitse-prezident lavozimini egallagandi va Madurodan keyin hokimiyatni qo‘lga olgach, ilk gapi AQSH bilan hamkorlik qilishini tasdiqlash bo‘ldi. Tramp esa, bordiyu xonim Rodriges AQSHning yo‘rig‘iga yurmasa, uning ham boshiga Maduroning kuni tushishidan ogohlantirdi. 

Dunyoning eng neftga boy mamlakati bo‘lgan Venesuela tahminan 300 milliard barrel neft zaxirasiga ega bo‘lsa-da, mamlakat aholisi nihoyatda qashshoq, giperinflyatsiya va jon boshiga juda ham kam yillik daromad bilan yashashga majbur bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, rasmiy eng kam ish haqi dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, oyiga taxminan 0,30 – 0,50 AQSH dollarini (130 bolivar) tashkil etadi. Aholining 70 foizidan ko‘prog‘i oyiga 50 dollardan kam daromad ko‘radi. Ishchilarning atigi 6 foizi 1000 dollardan yuqori maosh oladi. Aholining ko‘p qismi asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun xorijdagi qarindoshlaridan yuboriladigan pul o‘tkazmalariga yoki hukumat tomonidan beriladigan oziq-ovqat yordamlariga bog‘lanib qolgan.

2026 yil uchun yillik inflyatsiya darajasi, turli manbalarga ko‘ra, 225 foizdan 629 foizgacha bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bu narxlarning doimiy ravishda keskin oshishiga olib kelmoqda. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot taxminan 2 970 – 3 750 dollar atrofida baholanmoqda, biroq bu raqam aholining real farovonligini aks ettirmaydi. Aholining 90 foizdan ortig‘i qashshoqlik chegarasidan past sharoitda yashaydi, 67 foizi esa o‘ta qashshoqlik holatida. Mamlakatda elektr energiyasi va yonilg‘i taqchilligi, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimining inqirozi kuzatilmoqda.

Noto‘g‘ri boshqaruv hamda tabiiy qazilmalarga qaramlik aholini og‘ir sharoitda yashashga majbur qildi. Ammo, AQSHning davlat ichki ishlariga aralashuvi bilan amalga oshirgan to‘ntarishi bu holat yaxshilanishini bildirmaydi, chunki Vashington ko‘zlagan maqsad demokratiyani tiklashgina emasligi kundek ravshan.

Mutaxassislarning fikricha, Venesuelaning Xitoy va Rossiya bilan yaqinlashuvi AQSHning hujumlariga asosiy sabab sifatida ko‘rsatiladi. Ya’ni, Vashington shunchaki neft zaxiralari uchun talashmayapti, balki Lotin Amerikasida chinakamiga geosiyosiy o‘yin boshlagan. BMTning 5 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan maxsus yig‘ilishida ham AQSH o‘z maqsadlarini yashirmadi, ochiqchasiga G‘arbiy yarimsharni o‘zining manfaatlar hududi ekani va bu yerga boshqa yirik o‘yinchilar kirishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. Muammo shundaki, Oq uyning bu bayonoti nafaqat AQSH, balki Xitoy, Rossiya yoki umuman boshqa bir davlat o‘zining strategik ustuvorligini saqlab qolish uchun bemalol o‘zgalarning chegaralariga bostirib kirib, zaxiralarini o‘zlashtirishi mumkin degani. O‘z navbatida Qo‘shma shtatlar mantig‘i bilan o‘ylaydigan bo‘lsak, Rossiya endi bosqinchi emas, u o‘z manfaatlari uchun kurashayapti, xolos. 

Xullas, Tramp ko‘zlagan “yashirin” maqsad faqatgina ulkan neft manbaini qo‘lga kiritish emas, raqiblarini o‘z “uyiga” kiritmaslik uchun harakat. O‘z navbatida, Karakasdagi Hukumatni nazoratga olish – Xitoyga ketuvchi neftni nazoratga olish demakdir. Na narkokartelga qarshi kurashish va na demokratiyani tiklash – hech biri AQSH ma’muriyati uchun asosiy maqsad emas. Bu – shunchaki zamonaviy dunyoda zamonaviy mustamlakachilik!


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Rossiya Venesuela Xitoy Tramp BMT Isroil Oq uy G'azo Gustavo Petro Jan-Noel' Barro Marko Rubio Delsy Rodriges

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing