NATO Belarus biqinida harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi

Olam

image

Joriy yilning may oyida AQSH va Buyuk Britaniya Litvada, Belarus chegarasidan taxminan 30 kilometr uzoqlikda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Bu haqda “Forbes” xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Project Flytrap 5.0” nomini olgan ushbu manevrlar Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida raqib dronlariga qarshi kurashish samaradorligini oshirish borasidagi uzluksiz sa’y-harakatlar doirasida, uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalangan holda urush olib borish taktikasini sinab ko‘rish maqsadida tashkil etilgan.

O‘tgan yili boshlangan ushbu mashg‘ulotlar NATOning sharqiy qanotda ehtimoliy dushmanlarni tiyib turish hamda sharqiy chegaralarni himoya qilishga qaratilgan tashabbusining bir qismi hisoblanadi. 

“Tadbirlar dastlab Germaniya va Polshada boshlangan bo‘lib, keyinchalik “dronlar qo‘llaniladigan urushning tobora kengayayotgan ko‘lamiga mos kelish uchun” asta-sekin yirik miqyos kasb etdi”, deyiladi xabarda.

AQSH armiyasining 5-korpusi hamda AQSHning Yevropa va Afrikadagi Quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondonligi rahbarligida o‘tgan mashg‘ulotlarning ushbu so‘nggi bosqichida Amerika bo‘linmalari eskadrilya darajasidagi dron hujumlarini qaytarish uchun Buyuk Britaniya havo-desant qo‘shinlariga qarshi kurash olib borgan. Mashg‘ulot ishtirokchilari 50 dan ortiq innovatsion ishlanmalarni, jumladan, dronlarga qarshi tutuvchi vositalar, datchiklar va uchuvchisiz quruqlikdagi texnikalarni sinovdan o‘tkazgan hamda jarayonda qatnashayotgan ishlab chiqaruvchilarga texnik vositalar bo‘yicha tezkor fikr-mulohazalarini bildirgan.

Mashg‘ulotlarning navbatdagi bosqichida qo‘shinlar soni brigada darajasigacha oshirilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO Ruminiya so‘roviga binoan mamlakat hududiga dron kelib tushgani sababli favqulodda yig‘ilish o‘tkazishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO harbiy mashg'ulot Belarus'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing