Fransiya-Isroil o‘rtasidagi futbol bahsida muxlislar mushtlashdi (video)
Sport
−
15 noyabr
7478Kecha, 14 noyabr kuni UEFA Millatlar ligasi musobaqasi doirasidagi Fransiya-Isroil jamoalari bahsida ikki mamlakat muxlislari mushtlashdi. Bu haqda RMC Sport xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘yin oldidan Isroil madhiyasi yangrayotganda ba’zi fransiyalik muxlislar hushtak chalib, norozilik bildirgan. Shundan so‘ng o‘yinning 20-daqiqasida mushtlashuv boshlangan va unda 50 kishi atrofida muxlis qatnashgan. 2 daqiqa davom etgan to‘qnashuvga politsiya aralashib, tartib o‘rnatgan.
Nashrga ko‘ra, o‘yindan avval Parijning shimolida chap qanot siyosatchilari va faollar ham futbol o‘yiniga qarshi namoyish uyushtirgan. O‘yin xavfsizlik nuqtai nazaridan “o‘ta xavfli” darajada baholangan va kuchaytirilgan choralar ko‘rilgan. Xususan, bahsga 4000 dan ortiq politsiya xodimi va jandarmlar jalb qilingan.
O‘yin Fransiya poytaxti Parij shahrining shimoliy Sen-Deni tumanidagi “Stad de Frans” stadionida o‘tkazilgan bo‘lib, 0:0 hisobidagi durang bilan yakunlangan. Mazkur bahsga 16 611 nafar muxlis tashrif buyurgan va bu Fransiya milliy terma jamoasi o‘yini uchun eng kam muxlislar tashrifi sifatida antirekord qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 80 mingdan ortiq tomoshabinga mo‘ljallangan “Stad de Frans” stadioniga kirish uchun bor-yo‘g‘i 20 ming chipta sotib olingani xabar qilingandi.
Shuningdek, oldinroq Niderlandiya poytaxti Amsterdam shahrida “Ayaks” va “Makkabi Tel-Aviv” jamoalari o‘rtasida Yevropa Ligasi doirasida o‘tkazilgan futbol uchrashuvidan so‘ng isroillik o‘nlab muxlislar hujumga uchragan edi.
LiveBarchasi