“Fojiali yanvar”. To‘qayev namoyishchilarni qiynamay, iltifot ko‘rsatishni buyurdi

Olam

image

Qozog‘istonda inson huquqlari faollari va advokatlar Prezident Qosim-Jomart To‘qayevdan mahbuslarni qiynoqqa solmaslikni, ularning turgan joyini yaqinlaridan yashirmaslikni va advokatlar bilan uchrashishga imkon berishni so‘ramoqda.  

“Hurmatli janob Prezident! Fojiadan keyingi shu kunlarda sodir bo‘layotgan voqealar Qozog‘iston taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab beradi, bu haqda siz 2022 yil 11 yanvarda Qozog‘iston Respublikasi parlamentida qilgan asosiy ma’ruzangizda gapirdingiz. 

Konstitutsiyaviy tuzum asoslariga tahdid solgan jinoyatlarni tergov qilishda ichki ishlar organlari, prokuratura va sudlarning qonuniy harakatlarigina jamiyatning to‘liq ishonchini va mamlakatimiz taraqqiyotidagi yangi vazifalar atrofida birlashishini ta’minlaydi”, deb boshlanadi murojaat. 

Inson huquqlari faollari Prezidentdan davlat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlariga quyidagi normalardan chetlashtirilmaydigan barcha zarur choralarni ko‘rish yuzasidan tegishli farmoyishlar berishini so‘rashgan. 

Inson huquqlari faollari va advokatlar so‘ragan farmoyishlarga qiynoq va shafqatsiz muomaladan xoli bo‘lish huquqini hurmat qilish, ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga insonparvarlik va insonning ajralmas qadr-qimmatini hurmat qilgan holda murojaat qilish, qamoqda saqlashning sabablari, joyi va muddatlari to‘g‘risida shaxsni va uning qarindoshlarini xabardor qilmasdan turib, o‘zboshimchalik bilan qamoqqa olish haqidagi taqiqqa amal qilish, fuqarolarning qonuniy huquqlari buzilgan taqdirda ularni o‘z vaqtida va to‘liq himoya qilish, adolatli sudlovning asosiy talablariga: aybsizlik prezumpsiyasi, tomonlarning tengligi va malakali yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatiga rioya qilish kabilar kirgan. 

Ushbu murojaat ortidan Qosim-Jomart To‘qayev Bosh prokuraturaga “Fojiali yanvar” voqealari chog‘ida qo‘lga olinganlarning jazosini imkon qadar yengillashtirishni topshirgan. 

To‘qayevga ko‘ra, “Fojiali yanvar” voqealari ishi va favqulodda vaziyat vaqtida 2 mingga yaqin odam hibsga olingan. Prezident barcha aybdorlar munosib jazolanishini aytgan. Agar og‘irlashtiruvchi holatlar bo‘lmasa, jazo yengillashtirilishi ta’kidlangan. 

“Bosh prokuraturaga boshqa shaxslarning aybdorlik darajasini aniqlashni topshiraman. Og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lmaganda, jazoni yengillashtirish choralari ko‘rilishi kerak”, degan Prezident. 

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 2 yanvar kuni Qozog‘istonning qator shaharlarida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, ular bir necha kundan so‘ng tartibsizliklar va pogromlarga aylanib ketdi. Ular bilan birga mamlakatning ko‘plab shaharlarida, birinchi navbatda, Olma-otada politsiya, harbiy va hokimiyat organlariga hujumlar uyushtirildi. Minglab odamlar jarohat oldi, o‘lganlarning aniq soni noma’lum. Qozog‘iston Prezidentining murojaatidan so‘ng KXSHT davlatlari Respublikaga tinchlikparvar kuchlarini jo‘natdi. Rasmiylarga ko‘ra, barcha hududlarda konstitutsiyaviy tuzum tiklangan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston To'qaev

Baholaganlar

108

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing