“Fitch Ratings” Rossiya uchun ishlashni to‘xtatdi
Olam
−
28 mart 2022
5419“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi Yevropa Ittifoqi tomonidan kiritilgan sanksiyalar tufayli joriy yilning 25 martidan boshlab Rossiyaning suveren reytingini bekor qildi. Bu haqda agentlik saytidagi xabarda keltirilgan.
“Fitch Ratings” Rossiya reytinglarini qaytarib oldi. Reytingning olib tashlanishi Yevropa Ittifoqi kiritgan sanksiyalar bilan bog‘liq”, deyiladi xabarda.
Reytingdan chiqarilishidan oldin, Rossiyaning xorijiy va mahalliy valyutadagi uzoq hamda qisqa muddatli emitent defolt reytinglari, shuningdek, yuqori darajadagi ta’minlanmagan qarzlar reytingi “C” darajasida, mamlakat reytingining yuqori chegarasi “B” darajasida edi.
Joriy yilning 15 martidan boshlab Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan qabul qilingan to‘rtinchi sanksiyalar paketiga ko‘ra, Yevropa agentliklariga Rossiya Federatsiyasi va Rossiya kompaniyalari reytingini baholash, shuningdek, rossiyalik mijozlarga reyting xizmatlarini ko‘rsatish taqiqlangan.
Suveren kredit reytingi - bu butun mamlakatning kredit riskini baholash bo‘lib, u kelajakda defolt ehtimoli qanchalik yuqori ekanligini ko‘rsatadi. Mamlakatlar o‘zlarining tashqi qarzlariga xizmat ko‘rsatish ehtimoli, iqtisodiyotining barqarorligiga qarab tartiblangan. Suveren reytinglar ham banklar va kompaniyalar reytinglarini hisoblashda hal qiluvchi omil hisoblanadi: hech bir kompaniya o‘zi joylashgan davlatdan yuqori baholanmaydi.
Ma’lumot uchun, defolt holat bu qarzni to‘lay olmayman deya o‘zini-o‘zi bankrot, deb e’lon qilishdir. Bu esa investorlarni o‘sha davlatga umuman ishonmay qo‘yishiga signal bo‘ladi.
E’tiborlisi, xorijdan keladigan investorlar mamlakat va korxonalarning reytinglarda turgan o‘rniga e’tibor qaratadi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi