Filipp Kirkorov “yalang‘och” bazmdagi ishtiroki xato bo‘lganini aytdi
Madaniyat-san’at
−
28 dekabr 2023
22732Taniqli xonanda Filipp Kirkorov rossiyalik teleboshlovchi, kinoaktrisa va videobloger Nastya Ivleyeva tomonidan tashkil qilingan mashhurlarning "yalang‘och" bazmiga borib, xato qilganini aytib o‘tdi. U bu haqda tarmoqlarga joylagan videosida gapirdi.
Gap shundaki, Kirkorov joriy yilning 20 dekabr kuni rossiyalik taniqli shaxslar yig‘ilgan bazmga deyarli yalang‘och holda tashrif buyurgan va u yerga shunday ko‘rinishda tashrif buyurgan boshqa san’atkorlar bilan birga suratga tushgan. Ushbu fotolar esa tarmoqlarda tarqalgan.
Bazmdan so‘ng, ushbu tadbirning ba’zi foto va video materiallarida LGBT tashviqoti alomatlari borligi sabab kontentlar bloklandi.
Shuningdek, xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha federal loyiha rahbari Vitaliy Borodin esa Filipp Kirkorovni Rossiya xalq artisti (2018) unvonidan mahrum qilishga chaqirdi. U Madaniyat vazirligiga bu borada murojaat yo‘lladi. Davlat Dumasi deputati Aleksandr Sholoxov esa ushbu taklifni qo‘llab-quvvatladi.
Ushbu shov-shuvlardan so‘ng, xonanda o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalaridan biriga bo‘lgan voqealardan afsusda ekanini bildirib video joyladi.
“Uzr aytish erkakka xos emas, shuning uchun hammaga birdaniga javob beraman. Men qilgan xatomni tushunaman. Rossiya xalq artisti o‘zi qatnashayotgan tadbirlarda ehtiyotkorroq bo‘lishga majbur. Rossiyada san’atkor va fuqaro sifatida ijodimning cheklanish ehtimoli yuzaga kelganiga o‘zimning harakatim sabab bo‘ldi”, deydi xonanda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir insonning hayotida "noto‘g‘ri eshikdan kirgan" lahzalari bo‘ladi. U taklifnoma olganini va borishga va’da berganini, lekin ziyofatning mohiyatini bilmaganini qo‘shimcha qildi. U, shuningdek, mas’uliyatni boshqalar zimmasiga yuklamoqchi emasligini, bugungi zamonda xalq artisti har qanday tadbirda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ymasligi kerakligini aytib o‘tdi.
“Men o‘z yurtimning san’atkoriman, men vatanimning vatanparvariman. Men hech qachon ikki kursida o‘tirishga urinmaganman va hech qachon xiyonat qilmaganman. Men tomoshabin va tinglovchilarni yaxshi ko‘raman. Men hech qachon hech kimdan qo‘rqmaganman va qo‘rqmayman. Men o‘z vatanimni yaxshi ko‘raman va buni hech kim taqiqlayolmaydi”, deydi xonanda so‘zi yakunida.
Ma’lumot uchun, ziyofat tashkilotchilari mehmonlardan deyarli yalang‘och kelishlarini so‘ragan. Tadbirda Kseniya Sobchak, Lolita Milyavskaya, Jigan, Oksana Samoylova, Anna Asti, Dima Bilan, Glyukoza va boshqa mashhurlar ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning nabirasi Maryam Tillyayeva ham rossiyalik teleboshlovchi, kinoaktrisa va videobloger Nastya Ivleyeva tomonidan tashkil qilingan mashhurlarning "yalang‘och" bazmiga borganidan afsusda ekanini ma’lum qilgandi.