Kirkorov “xalq artisti” unvonidan mahrum bo‘lishi mumkin
Madaniyat-san’at
−
27 dekabr 2023
18093Rossiyalik taniqli xonanda Filipp Kirkorov mashhurlar deyarli yalong‘och holda tashrif buyurgan bazmda ishtirok etgani uchun 2018 yilda olgan Rossiya Federatsiyasi xalq artisti unvonidan mahrum qilinishi mumkin. Bu haqda “Gazeta.ru” nashri xabar berdi.
Yulduzlarni tanqid qilishi bilan tanilgan Xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha federal loyiha rahbari Vitaliy Borodin Filipp Kirkorovni unvonidan mahrum qilishga chaqirdi. U Madaniyat vazirligiga bu borada murojaat yo‘lladi. Davlat Dumasi deputati Aleksandr Sholoxov esa ushbu taklifni qo‘llab-quvvatladi.
Qo‘shiqchining advokati Aleksandr Dobrovinskiy esa Borodinning harakatlarini mashhur bo‘lishga urinish, deb baholadi. U ziyofatga boshqa yulduzlar ham borgani, ammo Borodinning e’tiborini faqat Kirkorov tortganini urg‘uladi.
“Borodin boshqa hech kimga qaramadi. Vaholanki, u yerda juda mashhur odamlar, masalan, mening do‘stlarim – Olga Orlova, Lolita (Milyavskaya) bor edi. Ammo yo‘q! Kirkorov yorqin shaxs bo‘lgani uchun uni qiziqtirib qo‘ydi. Boshqalarga esa negadir umuman e’tibor qaratilmayapti”, deydi advokat.
Davlat Dumasi deputati Aleksandr Sholoxov esa Kirkorovning bu unvonga munosib emasligini bildirdi.
“Agar Kirkorov biror hayratlanarli ish qilsa, bu muhokamalarga sabab bo‘ladi. Shuning uchun u doimo nimadir qiladi. Ochig‘ini aytganda, bu odam unvonni hech qanday arzirli sababsiz olgan", dedi u.
Gap shundaki, ziyofat 20 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan. Tashkilotchilar mehmonlardan deyarli yalang‘och kelishlarini so‘ragan. Tadbirda Kseniya Sobchak, Lolita Milyavskaya, Jigan, Oksana Samoylova, Anna Asti, Dima Bilan, Glyukoza va boshqa mashhurlar ishtirok etgan.
Roskomnadzorning ta’kidlashicha, bazmning ba’zi foto va video materiallarida LGBT tashviqoti alomatlari bor, shuning uchun bu kontent allaqachon bloklangan.
Ma’lumot uchun, Borodin shu vaqtga qadar huquq-tartibot idoralariga qo‘shiqchi Alla Pugachyova, Valeriy Meladze, aktrisa Liya Axedjakova, TikToker Danya Miloxin, jurnalist Yuriy Dud va boshqa madaniyat arboblari ustidan shikoyat qilgan. Noyabr oyida Shimoliy Osetiya advokatlar assotsiatsiyasi uni axloq qoidalarini buzgani uchun advokatlik maqomidan mahrum qildi.
LiveBarchasi