San’atkorlarga O‘zbekiston va Ozarbayjon xalq artisti unvonlari topshirildi
Madaniyat-san’at
−
23 avgust
30857Kecha, 22 avgust kuni Toshkent shahridagi Forumlar saroyida O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarining faxriy unvonlarni berish to‘g‘risidagi tegishli Farmonlariga ko‘ra, Farrux Zokirovga Ozarbayjon xalq artisti va ozarbayjonlik Po‘lat Bulbulo‘g‘liga O‘zbekiston xalq artisti faxriy unvonlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov Farmonlarni o‘qib eshittirgan. O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Ozarbayjon Madaniyat vaziri Adil Karimli tomonidan faxriy unvonlar tantanali topshirilgan.
“Faxriy unvonlar topshirilgandan so‘ng, tadbirga taklif etilgan madaniyat va san’at sohasi vakillari so‘zga chiqib, ikki qardosh xalq san’atkorlarini olqishladi. Tadbir davomida so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori madaniyat va san’at sohasida ham mustahkamlanayotganligi, do‘stlik va hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib, mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilayotganligi ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, ikki davlatning madaniyat va san’at sohasida xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yil hisobida 20-26 yanvar kunlari Bakuda “O‘zbekiston madaniyati kunlari” o‘tkazildi. Shuningdek, O‘zbekistonda 10-14 iyun kunlari “Ozarbayjon madaniyati kunlari” tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Farrux Zokirovga “Xalq artisti” faxriy unvonini berish to‘g‘risida farmon imzolagandi. Po‘lat Bulbul o‘g‘li esa Ozarbayjonning Moskvadagi elchisi vazifasida ishlab kelayotgandi va yaqinda missiyasini yakunlagandi.