Konditsionerli kupeda konditsionerdan darak yo‘q. Yo‘lovchilar norozi (video)
Jamiyat
−
13 iyul
13241Ijtimoiy tarmoqda kecha, 12 iyul kuni bir nechta o‘zbek kinosi va estradasi yulduzlari yo‘lovchi poyezdning ichki sharoiti yomonligi, jumladan, sovitish tizimi ishlamayotgani, shuningdek, tom qismidan qum tushib, dimog‘iga kirayotganidan shikoyat qilgani tasvirlangan video tarqaldi. Mazkur holat bo‘yicha “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, bir guruh san’atkorlar poyezdda safarga chiqqan, ularga konditsioneri bor kupe uchun chipta sotilgan, lekin hech qanday konditsioner bo‘lmagan, balki kupeda havo juda issiq bo‘lgan. Shu sababdan aktyor Alisher Uzoqovning burni qonagan.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJning bildirishicha, mazkur yo‘lovchi vagon 1991 yilda qurilgan bo‘lib, o‘rnatilgan tartibda o‘z muddatlarida texnik ta’mirlardan o‘tkazilgan. Ushbu vagonga o‘rnatilgan sovitish tizimi, texnik shartlariga ko‘ra, tashqi havo harorati 40 darajadan yuqorilab ketganda, tizimning sovitish samaradorligi yo‘qolgan.
“Hozirgi kunlarda mamlakatimiz hududi bo‘ylab kuzatilayotgan anomal issiq havo harorati tufayli ayrim vagonlarning sovitish tizimlarida nosozliklar kuzatilmoqda. Videolavhaga tushirilgan poyezdning yo‘l davomida havo harorati +40 darajadan yuqorilab ketganligi sababli sovitish tizimining kompressor uskunasi ishlamay qolgan, natijada vagon sovitilmagan. Poyezd Toshkent-Janubiy vokzaliga yetib kelganidan so‘ng, unga qo‘shimcha qilib soz holatdagi vagon ulandi va yo‘lovchilar ushbu vagonga o‘tkazildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” XX asrda ishlab chiqarilgan yo‘lovchi vagonlarni sovitish tizimlari, ichki intereri, elektr tizimlari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish uchun kerakli choralarni ko‘rgan holda, sifatli bo‘lgan texnik jihozlarni o‘rnatish ishlari jadallik bilan olib borilayotganligini va vagonlar bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinayotganligini, oxirgi 1 yil davomida zamonaviy talablarga mos bo‘lgan 27 ta yo‘lovchi vagonlar xarid qilinganligini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi