FIFA Rivaldo sabab “Bunyodkor”ga transfer taqiqi qo‘ydi
Sport
−
03 iyul 3681 2 daqiqa
Rivaldo bilan hisob-kitob qilinmagunicha “Bunyodkor” futbol klubi yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi. Bu haqda FIFA’ning 23 iyundagi qaroriga tayanib, O‘zbekiston Professional futbol ligasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Futbol assotsiatsiya kecha, 2 iyul kuni mazkur taqiq haqida Ligani rasman ogohlantirgan.
Avvalroq, “Bunyodkor” braziliyalik sobiq futbolchisi oldida yuzaga kelgan qarzdorlikni rasman tan olib, keyinchalik uni besh yil davomida bosqichma-bosqich to‘lab borish yuzasidan Rivaldo bilan kelishuvga erishgandi.
Qayd etilishicha, 2024 va 2025 yilgi mavsumlar davomida klub besh yillik kelishuv doirasidagi majburiyatlarini bajargan. Biroq 2026 yilga kelib, klub ta’sischisi va bosh homiysi hisoblangan “O‘zbekneftgaz” AJ “Bunyodkor” futbol klubini moliyalashtirishni to‘xtatgach, klub joriy yilning may oyiga qadar amalga oshirilishi kerak bo‘lgan qarzdorlikning navbatdagi to‘lovini bajara olmagan.
Shundan so‘ng Rivaldo FIFA’ga qayta shikoyat kiritgan. Qo‘shimchasiga, “Bunyodkor” bilan tuzilgan besh yillik kelishuv shartlari va unda nazarda tutilgan chegirmalar ham bekor qilingan.
O‘zbekistonda yozgi transfer oynasi 10 avgustga qadar davom etadi. PFLning xabar berishicha, endilikda “Bunyodkor” yangi futbolchilarni Liga ro‘yxatidan o‘tkaza olmaydi. Klub mavjud futbolchilar bilan mavsumni yakunlashi, shuningdek, taqiq kuchga kirguniga qadar “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi sifatida FIFA ro‘yxatida mavjud bo‘lgan yosh futbolchilarnigina keyinchalik o‘z qaydnomasiga qo‘shishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, joriy yilning 23 iyun sanasidan keyin “Bunyodkor” futbol akademiyasiga qabul qilingan yosh futbolchilar ham mazkur taqiq doirasida klub uchun ro‘yxatdan o‘ta olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq QALAMPIR.UZ mazkur qarz masalasidagi klub va Rivaldo o‘rtasidagi mojaro haqida batafsil maqola e’lon qilgandi.
Live
Barchasi