“Mustaqillikkacha tugatamiz”. Va’davozlikdan charchagan aholi Shayxontohur tuman hokimiga murojaat qildi
Tahlil
−
14 sentabr 394 5 daqiqa
Bundan bir necha oylar avval “Chaqar” mahallasidagi bolalar maydonchasi, hordiq olish uchun o‘rnatilgan o‘rindiqlar va avtomobillar turargohi zamonaviy uslubda rekonstruksiya qilinadi deya buzib tashlangan edi, orada ishlar jadal boshlandi-yu, hali hech bir qurilish yakunlanmasidan to‘xtab qoldi. Aholi vakillari esa ayni shu masalada Qalampir.uzga murojaat yo‘lladi.
Mahalladagi 200 ga yaqin xonadon vakillari esa yozning jaziramasida, changga belangan maydon va ishlar qachon oxiriga yetkaziladi degan savol bilan qolib ketadi. Ishni bitirib beramiz, deya aytilgan muddat esa allaqachon o‘tib ketgan.
“Fevral oyidan boshlab mana bu yerdagi “reshotka”larimizni hammasini terib olib ketib, “Obod mahalla”ga tushdinglar, sizlarga chiroyli qilib shu yerlarni montaj qilib beramiz, bolalar maydonchasi, favvora, amfiteatrlar bo‘ladi, juda qulayliklar yaratib beramiz, deb bizga va’da berishgan edi. O‘sha va’dasiga muvofiq mana shunaqa ishlarni boshlashdi-da, apreldan maygacha jadal ishlashdi. Ishlashmadi emas, yo‘llarimizni to‘g‘rilashdi, lekin chala tashlab ketishdi. Mana, sentyabr oyining 14-sanasiga keldik, lekin hech qanday mas’ullardan darak yo‘q”, deydi mahalla fuqarolaridan biri.
Shuningdek, yana bir fuqaro avtomobillar turargohi buzib tashlanganini bildirdi.
“Mana hozir ahamiyat bergan bo‘lsangiz, mashinalar yo‘lning bo‘yida turibdi. Mashinaga turargoh qilib beramiz, degan. Orqada, adashmasam, 38 ta “normalniy” garaj bor edi. Uni buzishdi. Mana bu yerga garaj qilib beramiz, deyishdi. U fevralning boshida edi. Mana hozir loyihaga ahamiyat bergan bo‘lsanglar, turargohga umuman joy yo‘q. Mana bu yoqqa, favvora qilishyapti, oltita-mi-yettita favvora. Bolalar o‘ynaydigan joyi yo‘q, onaxonlar ko‘chaga chiqa olmayapti. Mana fevraldan beri mana shu ahvolda yotibdi. Mustaqillikka bitirib beramiz, deyishgan. O‘sha tenderni yutib olgan Jaloliddin degan bola, mustaqillikka bitirib beramiz, deyishgan. Yozda hokim o‘rinbosariga chiqqanimizda, anomal issiq, hozir ishlasha olmaydi, deyishgan. O‘shandan beri bir marta kelishgani yo‘q”, deydi mahalla fuqarolaridan biri.
Yana bir turg‘un esa Shayxontohur tuman hokimiga murojaat qili, fuqarolar undan norozi ekanini aytdi.
“Agar yomg‘ir yog‘sa, loy qilib qo‘yishibdi. Lekin o‘tish yo‘li butun tuproq. Mablag‘ga qarash kerak emas, mablag‘ qolmadi deb o‘tirish kerak emas. Buni yo‘lini topish kerak. Shayxontohur tuman hokimi, eshiting, fuqarolaringiz sizdan norozi. Bizlar portalgacha bordik, uchrashdik siz bilan. Va’dalar berdingiz. Ertaga Qo‘chqorov kelib hamma yoqni to‘g‘rilaydi, dedingiz. Qo‘chqorov haligacha kelgani yo‘q. Bugun 14 sentyabr. Biz borganimizga 10 kun bo‘ladi. Shuning uchun sizdan iltimos, bizning murojaatimizni to‘g‘ri qabul qilib, mana shu ajratilgan mablag‘ bo‘yicha ishlarni qo‘yib qo‘yinglar, hech bo‘lmasa yo‘lni to‘g‘rilab qo‘yinglar va mana bu betonlarni chetga olib, bolalarga “straxovka” qilib qo‘yishsin”, deydi mahalla fuqarolaridan biri.
Biz aholining fikrlarini tinglagach, ushbu mahallaning raisi bilan ham bog‘lanishga harakat qildik, ammo rais o‘sha vaqtda muhim ishlari bilan boshqa manzilda ekanini aytib, mahallaga kelolmasligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng, qurilish ishlarini amalga oshirishi kerak bo‘lgan firma rahbarining raqamini topib u bilan bog‘lanishga uringandik, ammo bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
Shu vaqtda manzilga Shayxontohur tuman hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari yetib kelib, aholi vakillarining savollariga javob berdi.
“Tashkiliy masala bu. U yechildi. Sizlar hozir ozgina sabr qilinglar. Ikki oydan keyin, men sizga aytaman, shu xolamning o‘zlari duo qiladilar. Maketida qanday bo‘lsa, shunday bo‘ladi”, deydi Shayxontohur tuman hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari.
Shunday qilib, aholi vakillari va hokim o‘rinbosarining uzoq savol-javoblaridan so‘ng boshlangan ishlarning qachon tugatilishi ma’lum bo‘ldi.
“Bunyodkor qurilish” degan firma – MCHJ tenderda shaffof yutib chiqqan. O‘sha firma qilyapti bu ishni. Bu yerga, adashmasam, 12 milliardlar ajratilgan. Hamma qog‘ozli tashkiliy ishlarimiz hal bo‘ldi. Ikki oy muddatda bu yerda to‘liq topshirib chiqib ketamiz. Endi shartnomasida yozilgan, 180 kun qilib yozilgan o‘zi. Olti oy-da o‘zi, bunday o‘ylasa, oktyabr oxirlari, noyabr boshiga.
Muddati bor, muddatida ulguryapmiz. Faqatgina o‘rtada o‘sha tashkiliy masalada bir oy, bir yarim oycha cho‘zilib qolgani, yoz payti edi-da, tuproqli ishlar to‘xtab qolganining evaziga chang ko‘tarilgan, shuning evaziga xalqning e’tirozi ko‘proq. Boshlangan paytda jadal boshlandi, keyin o‘rtada mana bunaqa sustkashlik bo‘lgandan keyin xalq, endi xalqimizda to‘xtab qoldi yoki ketib qoldi yoki bir ish bo‘ldi, shu bilan tashlab ketdi, degan fikr, noto‘g‘ri fikr uyg‘ongan. O‘sha fikr noto‘g‘ri bo‘lgani uchun keldik, tushuntiryapmiz. Uzog‘i ikki oyda bitirib chiqib ketamiz.
Erta-indindan jadallashadi ishlar. Hozir shu yerning o‘zida 15 ta quruvchi bor. Erta-indindan 60 ta, 70 ta ishchi bo‘ladi bu yerda”, deydi Rasuljon Qo‘chqorov
Shunday qilib, hokimiyat vakilining so‘zlariga ko‘ra, aprel-may oylarida boshlangan ishlar joriy yilning oktyabr oyi oxirlariga batamom bitkazilib, hududda aholi uchun qulay sharoit yaratiladi. Mahalla vakillari esa ushbu va’daga ishongan holda natijani kutishadi.
Umid Sulaymonov
Live
Barchasi