FIFA delegatsiyasi Yuqori Chirchiqdagi Milliy futbol markaziga bordi
Sport
−
08 Sentabr 6356 2 daqiqa
Bugun, 8 sentyabr kuni O‘zbekistonga kelgan Janni Infantino boshchiligidagi FIFA delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov hamda boshqa rasmiylar hamrohligida Toshkent shahrida barpo etilgan Olimpiya shaharchasi va Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida qurilgan Milliy futbol markazini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.

100 gektardan ortiq maydonda qad rostlagan Olimpiya shaharchasi o‘zida bir nechta sport turlari uchun mo‘ljallangan zamonaviy inshootlarni birlashtiradi. Ular ko‘p funksiyali bo‘lib, turli sport turlari bo‘yicha xalqaro miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazishga to‘liq tayyor hisoblanadi.
Ikki yil avval FIFA Prezidenti Janni Infantino Milliy futbol markaziga tashrif buyurib, markaz qurilishiga ramziy g‘isht qo‘ygan va loyihalar bilan tanishgan. Qayd etilishicha, bugungi tashrif davomida mehmonlarga markaz imkoniyatlari haqida ma’lumot berilgan. Xususan, hozirda u yerda bir vaqtning o‘zida bir nechta terma jamoa mashg‘ulot o‘tkazishi mumkin. Zamonaviy stadionlar, o‘quv binolari, sport zallari va mehmonxona futbolchilar ixtiyoriga taqdim etilgan.

“Sport tibbiyoti markazida basseyn, mashg‘ulot zali va reabilitatsiya bo‘limlari tashkil etilgan. Jarohatlarning oldini olish hamda futbolchilarning qisqa fursatda tiklanishi uchun xorijdan uskunalar olib kelingan, ilg‘or uslublar joriy etilgani qayd etildi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, delegatsiya Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, VAR, terma jamoalar tayyorgarlik markazi va Respublika futbol akademiyasi faoliyati bilan tanishgan.
Janni Infantino O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari bilan uchrashib, Jahon chempionati yo‘llanmasi bilan tabriklagan.
“Avvalo, sizlarni tarixiy natija bilan tabriklayman. Bu yutuq mamlakatingizda sport va futbolga berilayotgan e’tibor samarasi. Futbolingizning uzoq va sharafli yo‘lni bosib o‘tayotganining mevasidir. Oldingizda sharafli vazifa – Jahon chempionatida munosib ishtirok etish turibdi. Siz millionlab muxlislaringizga quvonch ulashyapsiz. Ishonamanki, Jahon chempionatida butun dunyo yana bir bor O‘zbekiston futbolining salohiyatiga guvoh bo‘ladi”, deydi Infantino.
Tashrif davomida FIFA delegatsiyasi markaz infratuzilmasiga yuksak baho berib, bu yerda O‘zbekiston terma jamoalarining xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari mumkinligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA Prezidenti Janni Infantino O‘zbekistonga yetib kelgani xabar qilingan edi. U bugun, 8 sentyabr kuni CAFA Nations Cup turniri finali doirasidagi O‘zbekiston va Eron milliy terma jamoalari bahsini bevosita stadiondan tomosha qilishi kutilmoqda. O‘yin soat 19:30 “Olimpiya” stadionida start oladi.