Federatsiya Kengashi Putinning 4 ta hududda harbiy holat e’lon qilish haqidagi farmonini ma’qulladi
Olam
−
19 Oktabr 2022 5117 2 daqiqa
Rossiya Federatsiyasi Federatsiya kengashi bugun, 19 oktyabr kuni yalpi majlisda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Donetsk, Lugansk xalq respublikalari (O‘zbekistonda tan olinmagan – tahr.), Zaporoje va Xerson viloyatlarida harbiy holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonini ma’qullash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.
Qaror bir ovozdan ma’qullangan.
Federatsiya Kengashining Konstitutsiyaviy qonunchilik va davlat qurilishi qo‘mitasi raisi Andrey Klishas farmon Konstitutsiya va “Harbiy holat to‘g‘risida”gi federal qonun talablariga mos kelishini ta’kidladi.
“Ishonchim komilki, LXR, DXR, Zaporoje va Xerson viloyatlaridagi harbiy holat bizning asosiy maqsadimizga – bu hududlarni tinch hayotga qaytarish, odamlar imkon qadar tezroq o‘z uylariga qaytishlari uchun tezroq harakat qilishimizga imkon beradi”, deydi Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenko.
Qonunchilikka ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi hududida yoki uning alohida hududlarida harbiy holat Prezident farmoni bilan joriy etiladi. Tegishli qaror Federatsiya Kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak. Shuningdek, Prezident farmoni bilan uni joriy etish uchun asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilgandan keyin bekor qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin DXR, LXR, Xerson va Zaporoje viloyatlarida harbiy holat joriy etilishini ma’lum qilgandi. Bundan tashqari, alohida farmonda mamlakatning chegaradosh hududlarida "o‘rta darajadagi javob choralari" joriy etilgan. Markaziy Federal okrugi va Janubiy federal okrugi hududida (yuqorida ko‘rsatilgan hududlar bundan mustasno) yuqori ogohlantirish rejimi joriy etilmoqda.
23-27 sentyabr kunlari Zaporoje viloyatining bosib olingan hududida, shuningdek, tan olinmagan DXR va LXR hamda bosib olingan Xerson viloyatida “Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha bir tomonlama referendumlar” o‘tkazildi. Zaporoje viloyatida protokollarning 100 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, qo‘shilish tarafdori 93,11 foiz, Xerson viloyatida – 87,05 foiz, DXRda – 99,23 foiz, LXRda – 98,42 foiz.
Referendum natijalarini xalqaro tashkilotlar, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, NATO kabi tuzilmalar tan olmadi va uni noqonuniy deb atadi.
30 sentyabr kuni esa Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.
Live
Barchasi