Farg‘onadagi yig‘ilishda jami 31 nafar rahbar ishdan olindi
Jamiyat
−
28 iyul 2023
12623Qo‘qon shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va uning birinchi o‘rinbosari, Qo‘qon shahar ichki ishlar jamoat tartibini saqlash bo‘limi komandiri o‘rinbosari, O‘zbekiston tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda bugun, 28 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Farg‘onada bo‘lib o‘tayotgan Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida ma’lum qilindi.
“Ushbu yig‘ilish bejizga Farg‘onada o‘tkazilmayapti. Chunki bugun barcha yo‘nalishlar bo‘yicha eng ko‘p tilga olingan hudud bu Farg‘ona bo‘lyapti. Sababi, viloyatdagi kriminogen vaziyat achinarli holda”, deydi davlat rahbari.
Yig‘ilishda kecha viloyat ichki ishlar boshlig‘i lavozimidan ozod etilgan Muhiddin Jo‘rayev jinoyatchilikka qarshi kurashish o‘rniga statistikani sun’iy kamaytirish bilan shug‘ullanib kelgani ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, viloyatda jinoyatlarni ro‘yxatga olmaslik orqali ularni yashirish oddiy holga aylanib qolgani aytib o‘tilgan.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha o‘ziga yuklatilgan vazifalarga sovuqqonligi, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ygani va mansab vakolatidan shaxsiy manfaatlarida foydalanib kelgani uchun Qo‘qon shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va uning birinchi o‘rinbosari, Qo‘qon shahar Ichki ishlar jamoat tartibini saqlash bo‘limi komandiri o‘rinbosari, O‘zbekiston tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimidan ozod qilindi.
Shuningdek, viloyat prokurorining ichki xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi, viloyat prokuraturasi iqtisodiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i, viloyat prokurorining voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha yordamchisi, Rishton tumani prokurori ishdan olindi.
Bosh prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmatiga ularning faoliyatiga qonuniy baho berib, tergov harakatlarini boshlash topshirilgan.
Qo‘l ostidagi xodimlari hamda ichki ishlar idoralarida qonun ijrosi ustidan nazoratni susaytirib yuborgani uchun Farg‘ona viloyati prokurori Baxtiyor Ismoilovga hayfsan berildi.
Prezident yig‘ilishni yakunlar ekan, endi hech kimning eskicha ishlashiga yo‘l qo‘yilmasligini uqtirgan.
“Bugungi yig‘ilishda jami 31 nafar mas’ul rahbarlar bo‘shatildi. Bundan keyin talab juda qattiq bo‘ladi. Bundan buyon yangicha yondashuvlar asosida ishlab, odamlarimizni rozi qilasizlar, yoki lavozimdan bo‘shatilib, javobgarlikka tortilasizlar”, deydi davlat rahbari.
Shu bilan birga, viloyat hokimlari ham har oyda hududidagi jinoyatchilik og‘ir bo‘lgan tumanlarda sayyor yig‘ilish qilib, holatni tanqidiy ko‘rib chiqishi zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.
LiveBarchasi