Farg‘onadagi yong‘inda 6 kishi halok bo‘ldi. Prezident komissiya jo‘natdi

3-sahifa

image

Bugun, 29 iyul kuni Farg‘onadagi 4 qavatli binoning yer to‘lasida joylashgan karaoke kafesida yong‘in chiqdi. Oqibatda 6 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Aytilishicha, bugun soat 11:39 da Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahar “Mash’al” MFY Sayilgoh ko‘chasidagi 4 qavatli binoning yer to‘lasida joylashgan karaoke kafesida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida FVBga xabar tushgan.

Shunga ko‘ra 6 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji 11:44 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 11:48 qurshab olingan va soat 11:56 da to‘liq bartaraf etilgan.

Hodisa oqibatida 6 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 7 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yuborilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga asosan sodir bo‘lgan voqeani o‘rganish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzilgan va Farg‘ona viloyatiga jo‘nab ketgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, hududlar iqtisodiyoti bilan tanishish maqsadida Farg‘ona viloyatiga borgandi. Qo‘qon shahrida videoaloqa orqali Qoraqalpog‘iston rahbariyati, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazgan va unda bir necha rahbarlar ishdan bo‘shatilgan yoki hayfsan olgandi. 28 iyul kuni esa Prezident ishtirokidagi Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida 31 nafar mas’ul rahbar ishdan olindi.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Farg'ona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing