Farg‘onada sifati kafolatlanmagan dorilar sotayotganlar ushlandi
3-sahifa
−
06 fevral
1998Farg‘ona viloyatida olib borilgan tezkor tadbirda qalbaki va sifati kafolatlanmagan dori vositalarining savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qo‘qon shahrida yashovchi 20 yoshli fuqaro “Shikorbegi” MFYdagi xonadonlarning biridan sifat sertifikati va yaroqliligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 2005 dona ampulada “Midokalm” va 750 dona ampulada “L-lizin essinat” nomli dori vositalarini hamda qadoqlash uchun kerak bo‘ladigan qog‘oz quti va yo‘riqnomalarni o‘zining Lacetti avtomashinasiga yuklagan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Ushbu xonadon ko‘zdan kechirilganda, 1177 dona “Aktovegin”, 165 dona “Tavegil”, 30 dona “L-lizin essinat”, 2700 dona ampulada nomsiz dori vositalari, shuningdek, dori vositalarining maxsus qog‘oz qutilari, ulardan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomalar, qalbaki usulda tayyorlangan yorliqlar va dori nomlariga o‘zgartirish kiritadigan rangli bo‘yoqlar solingan plastik idishlar saqlab kelinayotgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, mazkur fuqaro o‘zining jinoiy sherigi bo‘lgan –1980 yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli ushbu xonadonda qo‘lbola usulda dori vositalarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yashirin sex tashkil etgan.
Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida olingan dori vositalari qalbakilashtirilgan va saqlash sharoitiga amal qilinmagan bo‘lib, ularni O‘zbekiston hududida sotish hamda tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlanadi. Mazkur qalbaki dori vositalarining umumiy qiymati 78 million so‘mni tashkil etadi.
Ta’kidlash lozimki, 2004 yilda tug‘ilgan shaxs muqaddam qalbakilashtirilgan dori vositalarini o‘tkazish maqsadida tayyorlash va saqlash xatti-harakatlarini sodir qilganligi uchun unga nisbatan Jinoyat kodeksining 1863-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi hozirda sudda ko‘rilayotgan bo‘lishiga qaramasdan, takroran jinoyat sodir etgan.
Hozirda ikkala fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 1863-moddasi (cifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qo‘qon shahrida kuzatilgan yana bir holatda, 41 yoshli fuqaro sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan 800 dona “Dyufaston” nomli dori vositalarini 800 ming so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Shuningdek, uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, “Elevit”, “Ursosan”, “Dyufaston”, “Yodomarin” va “Dyuspatalin” nomli jami 405 ming 10 dona, umumiy qiymati taxminan 1 milliard 800 million so‘mdan ortiq sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori vositalari, 5000 dona yo‘riqnoma va 1200 dona qadoqlash qutisi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tezkor tadbir davom davom ettirilib, uning jinoiy aloqasi bo‘lgan, 1983 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan shaxsning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, “Midokalm” dori vositasining 900 dona yorliqlari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, u “Diprosan” va “Tavegil” dori vositalari uchun 2000 donadan etiketka va foydalanish yo‘riqnomasini chop etish bo‘yicha buyurtma bergani ham ma’lum bo‘ldi.
Hozirda holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxs ushlangandi. U xorijda ishlab chiqarilgan sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 8 turdagi jami 10 ming 255 quti dori vositalarini 19 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi