Farg‘onada kriminal avtoritet “Polojenets” qo‘lga olindi (video)

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida “Polojenets” nomi bilan tanilishga harakat qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi. 

Keltirilishicha, ushbu shaxs 1990 yilda tug‘ilgan, Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumani “Baland masjid” MFY Navro‘z ko‘chasi 14-uyda yashovchi, muqaddam Jinoyat kodeksining 166-moddasi(Talonchilik) 2-qismi bilan sudlangan Egamberdiyev Abdullo Tavakkal o‘g‘lidir. 

Qayd etilishicha, uning Marg‘ilon shahri hududida “Polojenets” maqomiga erishish uchun harakat qilayotgani haqida xabarlar kelib tushgan. 
 

Aniqlanishicha, u 2022-2023 yillarda “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan kriminal avtoritet Baxtiyor Qudratullayev hamda “Salimboyvachcha” – Salim Abduvaliyevlar bilan tanishib, ular bilan yaqin aloqada bo‘lgan hamda jinoyat olamida nom chiqarishga harakat qilgan. Olib borilgan tezkor tadbirda u Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesida qo‘lga olingan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 28-moddasi orqali 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Hurmatli fuqarolar! Agar siz ham ushbu shaxsdan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz, yaqin oradagi ichi ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar berishingiz so‘raladi”, deyilgan xabarda.

Ma’lumot uchun, 2023 yilning dekabr oyida O‘zbekistonda davom etgan “tozalash” ishlarida “Salimboyvachcha”, “Baxti Tashkentskiy” va “Saidaziz medgorodok” singari ko‘cha a’zolari ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingandi.  Joriy yilning 11 iyun kuni “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaliyev va boshqalarga (jami 29 kishi) oid jinoyat ishi yuzasidan sud jarayoni boshlandi.

Shuningdek, may oyi oxirida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev ustidan sud boshlanib, u 10 ta modda bo‘yicha ayblandi. Bundan tashqari, uning akasi va o‘g‘illari ishi ham sudda ko‘riladigan bo‘ldi. 3 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yakuniy sudda “Baxti Tashkentskiy” va u bilan birga jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan yana 36 kishiga qo‘yilgan ayblov yuzasidan prokuror yakuniy xulosani o‘qib eshittirdi.


Maqola muallifi

Teglar

jinoyat Farg'ona Salimboyvachcha Baxti Tashkentskiy Polojenets

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing