Farg‘onada er-xotin kredit to‘lash uchun chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘ldi

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida 9 oylik chaqalog‘ini moddiy manfaat evaziga sotishga uringan er-xotin 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, sudlanuvchilar 2024 yilning oktyabr oyida tanishib, oila a’zolarining xabarisiz shar’iy nikoh asosida yashay boshlagan. Birgalikdagi hayoti davomida ular o‘rtasida muntazam kelishmovchilik va janjallar yuzaga kelgan. 2025 yil oktyabr oyida esa ularning o‘g‘il farzandi dunyoga kelgan. Biroq farzand tug‘ilishi ham oiladagi nizolarni bartaraf etmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, voqeadan avval er Farg‘ona shahriga ayoli hamda chaqalog‘i bilan birga borgan. Moddiy qiyinchiliklarni ro‘kach qilgan er-xotin yangi tug‘ilgan farzandini sotishga kelishgan.

Sudda ayol krediti borligini aytib, ularni to‘lash va Turkiyaga borish uchun pul kerak bo‘lgani sababli ushbu taklifga rozi bo‘lganini bildirgan. Uning aytishicha, dastlab u bunga qarshi bo‘lgan, biroq keyinchalik rozilik bergan. Sudda to‘plangan barcha dalillar bilan ularning aybi to‘liq isbotlangan.

Shunga ko‘ra, sud er-xotinni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasining (odam savdosi) tegishli qismi va bandiga ko‘ra aybdor deb topib, har biriga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Shuningdek, voyaga yetmagan bolaning keyingi taqdiri Qo‘qon shahar Ijtimoiy himoya agentligi hamda Qo‘qon shahar hokimligining bolalarni himoya qilish bo‘limi nazoratiga topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatining Buxoro tumanida uch kunlik chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lgan 18 yoshli ayol qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing