Farg‘ona viloyati hokimining Matbuot kotibi iste’fo berdi

Jamiyat

image

Farg‘ona viloyati hokimligining Matbuot xizmati rahbari lavozimida ishlab kelgan jurnalist Muhammadjon Obidov iste’fo berdi. So‘nggi bir yil ichida ushbu lavozimda ishlagan Obidov iste’fosi Shuhrat G‘aniyevning ketishi bilan bog‘liqmasligini aytgan. 

U pnevmoniyaga chalinib, 17 sentyabrdan buyon shifoxonada qolmoqda. Obidov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga sun’iy havo berish moslamasiga ulangani tasvirlangan suratni joylashtirgan. 

“17 sentyabrdan buyon pnevmoniya kasalligi bilan shifoxonadaman. Bir oz jiddiyroq keldi. O‘pkaning 45 foizi shikastlangan. Shuhrat G‘aniyevni kuzatish, Xayrullo Bozorovni tayinlash marosimida ham ishtirok etolmadim. Vrachlar yaxshi qarashyapti. Ammo o‘zgarish juda sust.

Hokimlikning Axborot xizmatini bir kun ham egasiz qoldirib bo‘lmaydi. Qolaversa, yangi hokim ish boshladi. Shuning uchun bugun bir qarorga keldim: Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati rahbarligiga iste’fo berdim. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan ilgari ham, hozir ham uchrashmaganman. Shunday bo‘lsa-da kasalligimni inobatga olib, avval tuzalib chiqsin, yoki telefonda bir so‘zlashay demasdan iste’foimni qabul qilibdilar. Xursand bo‘ldim”, deb yozadi Obidov.

U o‘z so‘zida davom etarkan, hokimlikdagi bir yillik faoliyatini baholagan va Shuhrat G‘aniyev shaxsiga ta’rif bergan. 

“Bir yil G‘aniyev bilan astoydil, fidoyilik va sadoqat bilan ishladim. Yangi tizim – Axborot xizmati imidjini ham yaratdik. Men shu davr faoliyatim bilan faxrlanaman. G‘aniyev kuchli shaxs va buni respublika miqyosida qiladigan ishlari bilan isbotlashiga aminman.

Do‘stlar, mening iste’foimni boshqacha talqin qilmay qanday bo‘lsa shundayligicha qabul qilasizlar, deb umid qilaman. Qo‘lingizdan kelsa, duo qilib qo‘ying”, deb yozadi Muhammadjon Obidov.

QALAMPIR.UZ tahririyati a’zolari ustoz jurnalist Muhammadjon Obidovga mustahkam sog‘lik tilaydi. 


Maqola muallifi

Teglar

Muhammadjon Obidov

Baholaganlar

481

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing