Farg‘ona viloyati hokimligi Matbuot kotibining yosh bloger qamalishiga aloqasi yo‘q – hokimlik Axborot xizmati
Jamiyat
−
02 iyun 2020
6883Avvalroq, Farg‘ona viloyati teleradiokompaniyasi jurnalisti, yosh bloger Usmonjon Qodirov qamoqqa olingani haqida xabar bergan edik. Qamoqqa olinishidan avvalroq u viloyat hokimligi vakillari bilan uchrashgani viloyat Axborot xizmatining xabarida aytilgan. Bugun, 2 iyun kuni ushbu Axborot xizmati yosh blogerning qamalishida viloyat hokimligi Matbuot kotibi Muhammadjon Obidovning hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.
"Farg‘ona viloyati teleradiokompaniyasida shartnoma asosida ishlaydigan Usmonjon Qodirovga ma’muriy qamoq belgilanishi yuzasidan shuni bildiramizki, jazo Farg‘ona shahar va Farg‘ona viloyat ma’muriy sudlari tomonidan IIB xodimlarining huquqbuzarlik haqida taqdim etgan hujjatlari va Usmonjon Qodirovning iqrornomasi asosida tayinlangan.
Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati va uning rahbari Muhammadjon Obidovning Usmonjon Qodirovga ma’muriy qamoq jazosi tayinlanishiga hech qanday aloqasi yo‘q", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Usmonjon Qodirov qamalgani jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Keyinroq, Usmonovning qamoq muddati 15 sutkadan 2 sutkaga qisqartirilib ozodlikka chiqarildi.