Farg‘onalik jurnalist Qodirov qamalgan

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda farg‘onalik jurnalist, bloger Usmonjon Qodirov viloyat hokimligi mutasaddilari bilan uchrashuvdan keyin 15 sutkaga qamalgani haqida xabarlar tarqaldi.

Uning ortidan Qodirovning o‘zi ochiqda ekani, yangi loyiha ustida ishlayotgani uchun internetga kira olmaganini aytib murojaat yo‘lladi. Ammo hammasi shu bilan tugamadi va aksincha chalkashib ketdi. 

Hammasi joriy yilning 27 may kuni Farg‘ona viloyati hokimligining ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida “Gap yoshda emas, niyatda...” sarlavhali xabar e’lon qilinishi bilan boshlangandi. Unda “Ozodlik” radiosi (prezidentning viloyatga tashrifi arafasida) Marg‘ilondagi “Hunarmandlar markazi”da zararsizlantirish ishlarini olib borayotgan oq kiyimdagi viloyat SEOM mutaxassislarini “Marg‘ilon shahar sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari” deya yolg‘on axborot bergani, Usmonjon Qodirovga (Farg‘ona viloyat teleradikompaniyasi muxbiri) esa bilib-bilmay ijtimoiy tarmoqqa “Menimcha Marg‘ilondagi shifokorlar bo‘yicha gaplar ham rostga o‘xshaydi”, deb yozgani uchun, hokimlikka yuzma-yuz suhbatga chaqirilgani aytiladi. Raddiyaga yosh jurnalistning uzri aks etgan lavha ham ilova qilingan bo‘lib, Usmonjon Qodirov xatosi yoshligiga yo‘yilgan.

Shundan keyin jurnalist ko‘rinmay qolgach, Usmonjon 15 sutkaga qamalgani haqida xabarlar tarqaldi. Shov-shuv ko‘tarilgach, isi-pisiga qo‘ymay, yuqorida aytganimiz Qodirovning audiomurojaati tarqatildi.

Lekin bu Usmonjon Qodirov qamab qo‘yilgani haqidagi xabarlarga kor qilmadi. Bu orada Usmonjon onasiga 15 kunga Sardobaga ketganini aytgani ham ma’lum bo‘ldi. Bu esa shubhani orttirishi tabiiy.

Ushbu masalaga aniqlik kiritish uchun QALAMPIR.UZ Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov bilan bog‘landi. U yosh jurnalist haqiqatan ham 15 sutkaga qamalganini ma’lum qildi. 

“Jurnalist Usmonjon Qodirov qamalgan. Sud qarori chiqqan. U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54, 183, 194-moddalari bilan ayblangan. Lekin u sud qarori ustidan apellyatsiya arizasini bergan. Hozir u ozod qilinishi kutilyapti”, dedi Shohruh G‘iyosov.

Oliy sudning ma’lum qilishicha, Kassatsiya sudi Qodirov ishini ko‘rib chiqib, jazoni yengillashtirgan. 15 sutka 2 sutkaga almashtirilib, jurnalist yigitni ma’muriy qamoq xarajatlaridan ozod qilingan.

Sud qarorida aytilishicha, Usmonjon Qodirov 27 may kuni soat 15:30 lar atrofida Farg‘ona shahar, A.Navoiy ko‘chasida joylashgan Farg‘ona viloyat hokimligi binosi oldida yuziga niqob taqmasdan ketayotgan bo‘lgan. Uni shu hududda xizmat vazifasini bajarayotgan Farg‘ona shahar IIB profilaktika inspektori M.Hamraliyev to‘xtatib, shaxsini aniqlash uchun IIB tayanch punktiga borishi lozimligini aytgan.

Sud hujjatida keltirilishicha, Usmonjon Qodirov IIB xodimining qonuniy talablarini bajarmasdan, huquqbuzarlik harakatlarini davom ettirgan va M.Hamraliyevni uyatli so‘zlar bilan so‘kib, baqir-chaqir qilib, fuqarolarning osoyishtaligini buzgan.

Kassatsiya instansiyasiga dastlabki sud qarori ustidan shikoyat qilgan Usmonjon Qodirov, pushaymon ekanini aytib, jazoni yengillashtirishni so‘ragan.

Jabrlanuvchi M.Hamraliyev kassatsiya shikoyatida, jabrlanuvchi undan kechirim so‘raganligi sababli, tayinlangan jazoni yengillashtirishni so‘ragan.

Kassatsiya instansiyasi sudi, kassatsiya shikoyatlarini ish materiallariga qo‘shib, tekshirib chiqib, ish materiallarini tahlil qilib, quyidagi asoslarga ko‘ra sud qarorini o‘zgartirib, kassatsiya shikoyatini qanoatlantirishni lozim topgan.

Kassatsiya instansiyasi sudi yuqoridagilarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 30, 33, 319-321, 3247-moddalarini qo‘llab, qaror qilgan.

Farg‘ona shahar Ma’muriy sudining 2020 yil 27 maydagi Qodirov Usmonjon Xakimjon o‘g‘liga nisbatan qarori quyidagicha o‘zgartirilsin. Qodirov Usmonjon Xakimjon o‘g‘liga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) baravari miqdorida, 1 115 000 (bir million bir yuz o‘n besh ming) so‘m jarima jazo tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi bilan MJtKning 33-moddasini qo‘llab, 2 (ikki) sutka muddatga ma’muriy qamoq jazo tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 194-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 2 (ikki) baravari, ya’ni 446 000 (to‘rt yuz qirq olti ming) so‘m jarima jazo tayinlangan.

U.Qodirovga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 34-moddasi tartibida uzil-kesil 2 (ikki) sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Qodirov Usmonjon Xakimjon o‘g‘li ma’muriy qamoq harajatlaridan ozod qilingan. Kassatsiya shikoyati qanoatlantirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Usmonjon Qodirov

Baholaganlar

239

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing