Farg‘onada yosh bloger qamalgani aytilmoqda. U bir kun avval viloyat hokimligi rasmiylari bilan uchrashgan
Jamiyat
−
28 may 2020
14238Farg‘ona viloyatida yashovchi Usmonjon Qodirovning “Farg‘ona viloyatida Prezident tashrifiga tayyorgarlik yuqori darajada” sarlavhali xabari tarqatilgan. Unda, “zavod xodimlari yo‘l chetlarini tozalayotgani, lekin ular qaysi zavod ishchisi ekanligiga oydinlik kirita olmagani” aytiladi va “qachongacha bunday ishlar davom etadi... Katta rahbar kelsa shunga tayyorlanish kerak-mi?” degan savol qo‘yadi.
Qayd etilishicha, shundan so‘ng viloyat hokimligi Usmonjon Qodirov bilan yuzma-yuz gaplashib oldi. Bugun, 28 may kuni esa Facebook tarmog‘ida Qodirovni 15 sutkaga qamalgani haqida xabar paydo bo‘ldi.
Biroq viloyat hokimligi Axborot xizmati bu haqda hech qanday ma’lumot bergani yo‘q. Hokimlik xabarida faqatgina shunday deyilgan:
“Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasi muxbiri Usmonjon Qodirov bilan yuzma-yuz suhbatlashdi. Unda Usmonjon Qodirov “shoshma-shosharlik bilan masalani o‘rganmay, dalillarni tekshirmay turib yolg‘on axborot” tarqatganini tushunib yetganini bildirdi, buning sababini “yoshlik qilganimda” deya izohladi (M.Usmonov video murojaatini ko‘ring) hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va xalqimizdan uzr so‘radi“, deyiladi xabarda.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: Shu vaqtgacha katta-katta ishlar bo‘lganda, hatto Konstitutsiya moddalari oyoq osti qilinganda qonun buzuvchilar xalqdan birgina uzr so‘rab javobgarlikdan qutulganda nega yosh bloger uzr so‘ragani uni bunday javobgarlikdan qutqarolmagan?
Bu holat yuzasidan Farg‘ona hokimligi Axborot xizmatidan izoh kutib qolamiz.
Eslatib o‘tamiz, 2 yil avval Samarqandda 42-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Diana Yenikeyeva yo‘l tozalash ishlariga jalb qilingan vaqtda “KamAZ” urib yuborishi natijasida olamdan o‘tgan edi.
LiveBarchasi