Falastin–Isroil mojarosi qurbonlari soni 1600 dan oshdi
Olam
−
10 Oktabr 2023
6449G‘azo sektorida 187 mingdan ortiq aholi o‘z uylarini tashlab ketdi. Ikki tomondan qurbonlar soni 1600 dan ortiq. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi ma’lum qildi.
HAMAS harakati Isroilga qarshi raketa otishda davom etmoqda, Isroil kuchlari ham harakat pozitsiyalariga intensiv hujumlar uyushtirmoqda.
Kecha, 9 oktyabr kuni HAMAS'ning Isroilga hujumi oqibatida jami 900 dan ortiq isroillik, shuningdek, chet el fuqarolari halok bo‘lgan.
Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 2616 kishi jarohat olgan.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi esa 687 falastinlik halok bo‘lgani, yana 3800 nafari yaralanganini ma’lum qilgan.
Oxirgi 24 soat ichida G‘azo sektoridagi ommaviy ko‘chirilishlar soni 187 518 dan ortiq kishiga yetdi va bundan buyon ham ortishi kutilmoqda. G‘azoda jangovar harakatlar avj olgandan beri to‘rtta maktab va sakkizta tibbiyot muassasasi zarar ko‘rgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining bildirishicha, G‘azo sektorida vaqtinchalik ko‘chirilganlar soni 2014 yilda 50 kunlik janglar avj olganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.
Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
LiveBarchasi