Yozuvchi ayolni zo‘rlashda ayblangan Tramp sudga garov puli to‘ladi

Olam

image

Avvalroq, Nyu-York sudi AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp amerikalik yozuvchi Elizabet Jin Kerrollga 83,3 million dollar tovon to‘lashi kerakligi haqida qaror chiqargandi. Kecha, 8 mart kuni Tramp unga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishni qayta ko‘rib chiqish uchun  91,6 million dollar garov to‘ladi. Bu haqda Nyu-York okrug sudi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, sud ishni uch kun ichida ko‘rib chiqadi. Agar ayolning shikoyati qanoatlantirilsa, bu miqdor unga tovon to‘lash uchun yetarli bo‘ladi va ayni paytda Tramp to‘lagan garov puli uning o‘rnini bosadi. Shu bilan birga, Tramp o‘ziga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarning barchasini rad etmoqda. Agar u bu ishda g‘alaba qozonsa, uning pullari qaytariladi. Jin Kerroll esa yolg‘on ko‘rsatma bergani uchun javobgarlikka tortiladi.

Ma’lumot uchun, 2019 yil iyun oyida “New York” jurnali o‘sha paytda 75 yoshda bo‘lgan sharhlovchining yangi kitobidan parchalarni chop etgan. Kitobda Kerroll Tramp uni 1995 yil oxiri yoki 1996 yil boshida Nyu-Yorkdagi univermagning kiyim-kechak xonasida zo‘rlagani haqida da’vo qilgan. Kerrollning so‘zlariga ko‘ra, u Trampni avvaldan tanigan va undan do‘stiga sovg‘a tanlashda yordam so‘ragan. Butikda Tramp uni kiyim-kechak xonasiga olib borgan va u yerda jinsiy tajovuz qilgan. Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, u politsiyaga bormagan, voqea haqida ikki yaqin dugonasiga aytgan, xolos.

Kitobdagi ma’lumotlarga javoban Tramp Kerrollni tanimasligini va jurnalist “uning dididagi ayol emas”ligini aytdi. Ammo sobiq prezidentni so‘roq qilish paytida jurnalistning advokatlari siyosatchiga 1987 yildagi fotosuratni ko‘rsatdi, unda jurnalist va uning o‘sha paytdagi eri Tramp va uning rafiqasi bilan muloqotda bo‘lgani tasvirlangan.
Tramp o‘tmishda bir necha bor jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan. Xususan, 2018 yilning mart oyida porno aktrisa Stefani Kliffordning Tramp bilan 2006 yildan 2007 yilgacha davom etgan taxminiy aloqalari bilan bog‘liq da’vosi haqida tafsilotlar ma’lum bo‘ldi. Sud hujjatlariga ko‘ra, Klifford va Trampning advokati Maykl Koen 2016 yilning kuzida, milliarder AQSHdagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan bir necha kun o‘tib, maxfiylik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan.

Bir qator sud jarayonlariga qaramay, 77 yoshli Donald Tramp noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida respublikachilardan eng istiqbolli nomzod sifatida ko‘rilmoqda. Mutaxassislar va kuzatuvchilarning qayd etishicha, Tramp ko‘pincha sud majlislaridan o‘ziga xos saylovoldi tadbir sifatida foydalanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp N'yu-York garov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing