Everestda rekord: Bir kunda 274 nafar alpinist cho‘qqiga chiqdi (video)

Olam

image

Nepal hududi orqali bir kunning o‘zida rekord darajadagi 274 nafar alpinist Everest cho‘qqisini zabt etdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Everestdagi bahorgi mavsum yirik muz bo‘lagi ko‘tarilish yo‘lini to‘sib qo‘ygani sabab kech boshlangan. Ob-havo yaxshilangach, yuzlab alpinistlar cho‘qqi sari yo‘l olgan.

Nepal turizm departamenti vakili Ximlal Gautamning aytishicha, ko‘tarilishlar mahalliy vaqt bilan soat 03:00 da boshlanib, 11 soat davom etgan.

Bu natija 2019 yil 22 may kuni o‘rnatilgan avvalgi rekordni yangiladi. O‘shanda Nepal tomoni orqali 223 nafar alpinist Everestga chiqqan edi.

Joriy yilda balandligi 8849 metr bo‘lgan Everestga chiqish uchun qariyb 500 xorijlikka ruxsatnoma berilgan. Mutaxassislar esa, tog‘dagi xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar kuchayishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda “o‘lim zonasi” deb ataladigan hududda uzun navbat hosil qilgan alpinistlarni ko‘rish mumkin. Bu hudud dengiz sathidan 8 ming metrdan yuqorida joylashgan bo‘lib, aksariyat alpinistlar qo‘shimcha kislorod yordamida harakatlanadi.

Avvalroq, tajribali alpinistlar qatorida yangi rekord egalari ham paydo bo‘lgandi. 56 yoshli Kami Rita Sherpa Everest cho‘qqisini 32-marta zabt etib, o‘zining jahon rekordini yangiladi. “Tog‘ malikasi” nomi bilan tanilgan Lakpa Sherpa esa, Everestga 11-marta chiqib, ayollar orasidagi rekordini yangiladi.

Bundan tashqari, ikki oyog‘idan ayrilgan rossiyalik Rustam Nabiyev ham protezlarsiz faqatgina qo‘llarining kuchi bilan Everest cho‘qqisiga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Biroq mavsum davomida halokatli hodisalar ham kuzatilmoqda. Nepalning kam ta’minlangan dalit jamoasidan Everestni zabt etgan ilk alpinist Bijay Gimire balandlik kasalligi sabab vafot etgan. Shuningdek, 21 yoshli Pxura Sherpa qor ustida sirpanib ketib halok bo‘lgan bo‘lsa, yana bir gid Lakpa Sherpa baza lageriga yo‘l olayotganida vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

rekord Everest al'pinist

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing