Eski jahon tartibi qaytmaydi, “o‘rta davlatlar” birlashishi kerak – Karni

Olam

image

Kanada Bosh vaziri Mark Karni eski dunyo tartibi endi qaytmasligini aytib, nisbatan yirik bo‘lmagan davlatlarni eng qudratli mamlakatlar bilan raqobatda o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun birlashishga chaqirdi. Bu haqda u joriy yilning 21 yanvar kuni Davosda o‘tgan Jahon iqtisodiy forumidagi nutqida so‘z ochdi.

“O‘rta darajadagi davlatlar birgalikda harakat qilishi kerak. Chunki agar biz muzokara stolida bo‘lmasak, menyuning bir qismiga aylanamiz”, deydi Karni.

Uning fikricha, qudratli davlatlar istagan natijaga erishish uchun iqtisodiy bosimdan foydalanmoqda. Shuningdek, Karni Kanadaning Grenlandiya, Daniya va NATO ittifoqini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqlagan. Bu zalda qarsaklar bilan kutib olingan.

Qayd etish joiz, “katta davlatlar” deganda odatda BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari – Xitoy, Fransiya, Rossiya, Buyuk Britaniya va AQSH tushuniladi. Ularning maqomi katta iqtisodiy va harbiy salohiyatga egaligini aks ettiradi.

O‘rta darajadagi davlatlar qatoriga Kanada, Avstraliya, Argentina, Janubiy Koreya va Braziliya kabi mamlakatlar kiradi. Ularning iqtisodiyoti nisbatan kichik bo‘lsa-da, jahon siyosatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Karni nutqida dunyo “o‘tish davrida emas, balki tub burilish jarayonida” ekanini qayd etgan.

“Katta davlatlar iqtisodiy integratsiyani qurolga aylantira boshladi, boj tariflarini bosim vositasi sifatida ishlatmoqda, moliyaviy infratuzilmani majburlash usuliga aylantiryapti, ta’minot zanjirlarini esa o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish mumkin bo‘lgan zaif nuqtalar sifatida ko‘rmoqda”, deydi u.

Shuningdek, Karni Kanadaning “geografik joylashuv va tarixiy ittifoqlar endi xavfsizlik va farovonlikni kafolatlamasligi” haqidagi ogohlantiruvchi signalni birinchi bo‘lib sezgan davlatlardan biri bo‘lganini aytgan.

Ma’lumot uchun, AQSH Prezidenti Donald Tramp hokimiyatga qaytgach, bir necha bor Kanadani “51-shtat” deb atadi va uni “iqtisodiy kuch” orqali AQSHga qo‘shib olish bilan tahdid qildi. Vashington shimoliy qo‘shnisi va yirik savdo hamkoriga nisbatan yuqori bojlar joriy etdi. Shunga qaramay, Kanada boshqa bozorlar yo‘nalishida eksportni 14 foizga oshira oldi – bu AQSHga tovar yetkazib berish kamayishi hisobidan yo‘qotilgan hajmdan ko‘proq. Yaqinda Karni Xitoy bilan ham keng ko‘lamli savdo kelishuvini tuzdi.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp Shveysariyaning Davos shahrida o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan uchrashuv chog‘ida o‘zini diktator deb tan olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Kanada Mark Karni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing