61 yoshli onaxon 5 soat plankada turib, jahon rekordini o‘rnatdi

Olam

−

image

Kanadalik 61 yoshli Donna Jin Vilde qorin mushaklarini chiniqtirish mashqi – plankani 5 soat davomida bajarib, ayollar o‘rtasida jahon rekordini o‘rnatdi. Bu haqda KSL nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Vilde rekordni AQSHning Yuta shtati Sent-Jorj shahrida o‘tkazilayotgan Huntsman World Senior Games musobaqasida yangilagan. U bundan olti oy avval musobaqa tashkilotchilariga o‘zining avvalgi 4 soat 30 daqiqa 11 soniyalik rekordini yangilash niyatida ekanini bildirgan.

Musobaqa bosh direktori Kayl Keysning aytishicha, ayolning chiqishi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirgan. Vilde besh soatlik marraga yetgan paytda olingan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, 4 milliondan ortiq marta ko‘rilgan.

Musobaqada yana bir e’tiborga molik natija qayd etilgan. Yuta shtatida yashovchi 100 yoshli Alta Pierson ilk bor yengil atletika musobaqasida qatnashib, 50 metrga yugurish bahsida Huntsman World Senior Games rekordini o‘rnatgan.

Ma’lumot uchun, 50 yosh va undan kattalar ishtirok etadigan Huntsman World Senior Games musobaqasi 5–17 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq shotlandiyalik 78 yoshli Ket Boui ommabop Fortnite onlayn o‘yinining dunyodagi eng keksa strimeri sifatida rasman tan olingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing