Ertaga Putin Donbass taqdirini hal qilishi mumkin
Olam
−
19 fevral 2022
20771Ertaga, 20 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Donbassdagi vaziyat yuzasidan muhim bayonot bilan chiqadi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi yetakchisi Gennadiy Zyuganov ma’lum qildi.
“Putin 20 fevral kuni Donbass bo‘yicha muhim qaror qabul qilishi mumkin”, deydi u.
Shuningdek, Zyuganov bugun, 19 fevral kuni rossiyaliklarni vaziyatni diqqat bilan kuzatishga va yangiliklarni kutishga chaqirdi.
So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa, boshqa tomonda harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 fevral kuni Rossiya parlamenti – Federal Majlisining quyi palatasi – Davlat dumasi yalpi majlisida Donbassning o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk viloyatlari suverenitetini tan olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Bunda Donetsk va Lugansk xalq respubliklarini tan olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi, shuningdek hukmron “Yagona Rossiya” partiyasi loyihasi ovozga qo‘yilib, DXR va LXR mustaqilligini tan olish tanlandi.
Qayd etish kerakki, 2008 yil Rossiya o‘z muxtoriyatiga qo‘shin kiritishni rejalashtirayotgan Gruziyani to‘xtatish uchun Osetiyada rossiyaliklar borligini vaj qilib, hududga qo‘shin kiritgandi. Yakunda ikki o‘rtada urush bo‘lib, Gruziya mag‘lub bo‘lgan.
Ma’lumot uchu, bundan avval, Ukrainaning tarafini olib AQSH Kiyevga 200 million dollar miqdoridagi, qariyb 500 tonna qurol-yarog‘, 300 ta “Jevelin” tankka qarshi o‘tochar texnikalari va 5 ta MI-17 vertolyotini yetkazib berganini bildirgan. Bundan tashqari, 8 500 nafar harbiyni Sharqiy Yevropaga yuborish uchun shay holda ushlab turgani haqida ma’lum qilgan.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga elita bo‘linmasining 30 nafar harbiy xizmatchisini, 2 000 ta tankka qarshi raketa va qurol-yarog‘ yuborilgani haqida xabar bergan.
Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, hozirda Ukraina atrofida 190 mingga yaqin rus qo‘shinlari to‘plangan. Bu Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropadagi eng katta harbiy safarbarlikdir.
Ukraina sharqidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari aholini Rossiyaga evakuatsiya qilishni boshlagan. Mintaqadagi rossiyaparast separatistlar Kiyevni urush boshlashda ayblamoqda.