Urush tahlikasi: Putin zaxiradagi askarlarni harbiy tayyorgarlikka chaqirdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin zaxiradagi askar hisoblanuvchi barcha Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini 2022 yilda harbiy tayyorgarlikka chaqirish haqidagi farmonni imzoladi. Bu haqda TASS ma’lum qildi.  

“2022 yilda zaxirada bo‘lgan fuqarolar Qurolli Kuchlar, Milliy gvardiya qo‘shinlari, davlat xavfsizlik organlari va Federal xavfsizlik xizmatiga harbiy tayyorgarlikdan o‘tish uchun chaqirilsin”, deyiladi farmonda.

Rossiya Federatsiyasi hukumati va sub’ektlarining ijro etuvchi hokimiyat organlariga fuqarolarni harbiy tayyorgarlikka chaqirish hamda ushbu o‘quv yig‘inlarini o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirishni ta’minlash topshirildi. Farmon e’lon qilingan kundan, ya’ni 18 fevraldan e’tiboran kuchga kirdi.

Ma’lumot uchun, zaxiradagi fuqarolar uchun harbiy tayyorgarlikning umumiy muddati ikki oydan oshmasligi kerak. Bundan tashqari, zaxiradagi fuqarolar har uch yilda bir martadan ko‘p bo‘lmagan harbiy tayyorgarlikka chaqirilishi mumkin. Huquqni muhofaza qilish organlari, o‘t o‘chirish xizmati, bojxona organlarining xodimlari, davlat xizmatchilari va “davlat organlarida band qilingan” fuqarolar harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilmaydi. Aviatsiya va temir yo‘l transporti, dengiz va daryo floti kemalarining suzuvchi tarkibi xodimlari ham muddatli harbiy xizmatdan ozod qilinadi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin harbiy tayyorgarlik to‘g‘risidagi oldingi farmonni 2021 yilning aprelida imzolagan edi.

So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa, boshqa tomonda harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi.

Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, hozirda Ukraina atrofida 190 mingga yaqin rus qo‘shinlari to‘plangan. Bu Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropadagi eng katta harbiy safarbarlikdir.

Ukraina sharqidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari aholini Rossiyaga evakuatsiya qilishni boshlagan. Mintaqadagi rossiyaparast separatistlar Kiyevni urush boshlashda ayblamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Lugansk va Donetsk

Baholaganlar

437

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing